19-fevral kuni oliy toifali o‘qituvchilarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlar to‘g‘risidagi hukumat qarori (VMQ-69-son) qabul qilindi.

2026-yildan boshlab kamida 15 yil ish staji va oliy malaka toifasiga ega, bosh o‘qituvchi lavozimidagi pedagoglarga ipoteka krediti uchun boshlang‘ich to‘lovning 25%ini budjetdan qoplab berish tartibi joriy etiladi.

Subsidiya Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan qayta moliyalashtiriladigan ipoteka kreditlari doirasida, birlamchi uy-joy bozoridan kvartira sotib olish uchun ajratiladi. Buning uchun budjetdan har yili 200 mlrd so‘mgacha mablag‘ yo‘naltiriladi

Arizalar Davlat xizmatlari markazlari va Yagona portal (my.gov.uz) orqali bepul qabul qilinadi hamda subsidiya.idm.uz platformasi orqali inson omilisiz ko‘rib chiqiladi. Subsidiyalar vazirlikning subsidyplatform.mf.uz to‘lov platformasi orqali avtomatik tarzda to‘lanadi.

Bunda mablag‘lar ariza beruvchining doimiy ro‘yxatdan o‘tgan hududidagi uy-joylar uchun yo‘naltiriladi. Shuningdek, Toshkent shahrida doimiy ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolar Toshkent viloyatidagi uy-joyni ipoteka asosida sotib olishi mumkin.

Bandlik vazirligi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda ikki haftada oliy malaka toifasiga va kamida 15 yil ish stajiga ega pedagoglar to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasini shakllantirishi kerak.

Ta’lim tashkilotida faoliyat olib borayotgan, oliy malaka toifasiga (bosh o‘qituvchi lavozimi) ega va 60 yoshgacha bo‘lgan pedagoglar ipoteka krediti boshlang‘ich badalining bir qismini qoplash uchun ariza berishlari mumkin.

Ariza beruvchining quyidagi ma’lumotlari tekshiriladi:

  • ariza beruvchi va uning turmush o‘rtog‘i o‘rtasida rasmiy nikoh tuzilgani;
  • ular nomida ikki va undan ortiq mulk huquqi bilan turar joy mavjudligi;
  • kamida 15 yil ish stajiga egaligi va ayni vaqtda faoliyat yuritayotgani;
  • oliy malaka toifasiga egaligi;
  • kredit tarixi banklar talablariga mosligi.

Ijtimoiy mezonlarga mos kelgan ariza beruvchi talabgor sifatida tan olinadi. Biroq subsidiya ajratish to‘g‘risidagi xabarnoma ipoteka krediti berilishini kafolatlamaydi, bunda kredit ajratilishi banklar tomonidan alohida ko‘rib chiqiladi.

Shu bilan birga, ariza talabga javob bermasa, noto‘g‘ri yoki soxta ma’lumot taqdim etilsa, kredit tarixi talabga javob bermasa, boshqa uy-joy subsidiya dasturidan foydalanilgan hamda ajratiladigan mablag‘lar tugagan bo‘lsa talabgorlar avtomatik tarzda rad etiladi.

Subsidiya bir oila (er yoki xotin) uchun faqat bir marta beriladi.

Avvalroq 1-sentabrdan elektromobil xaridi uchun yillik 16%gacha stavkada avtokreditlar ajratilishi haqida xabar berilgandi.