Behzod Normatov Prezident Administratsiyasining Neft-gaz sohasidagi islohotlarni jadallashtirish bo‘yicha loyiha ofisi sho‘ba mudiri etib tayinlandi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Tayinlov Prezident Administratsiyasi rahbarining farmoyishi bilan amalga oshirilgan.

Behzod Normatov turli yillarda “Andijonneft” aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi, Energetika vazirligida turli vazifalarda, jumladan, vazir o‘rinbosari, shuningdek, “O‘ztransgaz” raisi lavozimlarida faoliyat olib borgan.

2025-yilning dekabrida Alisher Sultonov prezidentning energetik xavfsizlik bo‘yicha vakili lavozimidan ozod etilgandi.

Shuningdek, O‘zbekgidroenergo kompaniyasini boshqarib kelgan Abdug‘ani Sanginov O‘zbekneftgaz'ni qariyb 4 yil davomida boshqargan Bahodirjon Sidiqov o‘rniga boshqaruvi raisi etib tayinlangandi.

Undan keyin Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov ishtirokida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Sanginov jamoaga tanishtirildi. U “qisqa muddatlarda O‘zbekneftgaz'ni transformatsiya qilish bo‘yicha yangi strategiyani qabul qilish, jamoa bilan birgalikda gaz qazib chiqarishni barqarorlashtirish va sohada tizimli natijalarga erishilishi"ni bildirdi.

Prezident topshirig‘i bilan sohadagi boshqaruvni yana-da kuchaytirish maqsadida iqtisodiyot va moliya vazirining neft va gaz bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi joriy qilinib, amaldagi vazir o‘rinbosari Xurshed Mustafayev mas‘ul bo‘ldi.

Keyinroq Abdug‘ani Sanginovning o‘g‘li Islom Abdurahmonov O‘zbekgidroenergo raisi v.v.b. etib tayinlangandi.

Avvalroq O‘zbekneftgazga oid bo‘lmagan aktivlar tasarrufdan chiqarilishi, homiylik to‘lovlari to‘xtatilishi haqida xabar berilgandi.