Avvalroq prezidentning kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha qarori qabul qilingani haqida xabar berilgandi.
Hujjat (PQ-64) bilan, 15 kishidan iborat Kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha respublika kengashi tashkil etildi. Unga Prezident Administratsiyasi Kreativ iqtisodiyot va turizm bo‘yicha departamenti boshlig‘i, Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamg‘armasi raisi Gayane Umerova rahbarlik qiladi.
Kengash tarkibiga quyidagilar kiradi:
- Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov;
- Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov;
- Adliya vaziri Akbar Toshqulov;
- Milliy statistika qo‘mitasi raisi Behzod Hamrayev;
- Soliq qo‘mitasi raisi Farrux Po‘latov;
- Iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov;
- Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov;
- Bolalar kontentini rivojlantirish markazi rahbari Jahongir Ahmedov;
- Milliy kinematografiyani rivojlantirish markazi direktori Furqat Usmonov;
- Kreativ industriya parki direksiyasi direktori Xusan Salixov;
- Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamg‘armasi raisining birinchi o‘rinbosari Azizbek Mannopov.
Bundan tashqari, kengashda kreativ sohadagi yetakchi tadbirkor, shuningdek, ikkita — mahalliy va xalqaro ekspertlar ishtirok etadi. Ularni Gayane Umerova tayinlaydi.
Kengash kreativ iqtisodiyotga oid faoliyat turlarini belgilash bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi. U kreativ sohalar uchun istiqbolli yo‘nalishlar va o‘sish nuqtalarini belgilab beradi, ularni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tashabbuslarni ilgari suradi.
Shuningdek, kengash sohaga investitsiyalarni jalb qilish, eksport salohiyatini oshirish va jahon bozorlariga chiqish choralarini ko‘radi. Uning yana bir vazifasi kontentni monetizatsiya qilish, intellektual mulk va mualliflik huquqlarini himoya qilish bo‘yicha takliflar tayyorlash bo‘ladi.
Kengashning boshqa vazifalari qatoriga Ijodiy park faoliyatini takomillashtirish, sohada kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha tavsiyalar tayyorlash kiradi. Bundan tashqari, u kreativ sanoat sohasida davlat, xususiy biznes va notijorat tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishni muvofiqlashtiradi.
Avvalroq Taxiatosh tumanida esa sun‘iy intellekt uchun modulli intellektual hisoblash markazini tashkil etish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.