Pandemiya va Gollivuddagi ish tashlashlardan keyin endigina tiklana boshlagan kinoteatrlar yana xavf ostida qoldi. Bloomberg xabariga ko‘ra, bunga Netflix’ning Warner Bros. Discovery’ni sotib olish rejalari sabab bo‘lmoqda.
Studiyalar birlashsa, filmlarning kinoteatrlardagi eksklyuziv namoyish muddati qisqarishi mumkin. Bu esa soha daromadiga jiddiy zarba berishi ehtimoldan xoli emas.
Netflix filmlarini 45 kun davomida kinoteatrlarda ko‘rsatishni davom ettirishini bildirgan bo‘lsa-da, soha mutaxassislari bu va’dalarga ehtiyotkorlik bilan qaramoqda.
Agar prokat muddatlari keskin qisqartirilsa, yirik blokbasterlar kassasining 20%igacha qismi yo‘qotilishi mumkin.
Shuningdek, striming modeli qanday shakllanishi ham ochiq masala bo‘lib turibdi. Netflix filmlarni qo‘shimcha to‘lov evaziga uyda tomosha qilish imkonini beruvchi premium-video prokat modelini joriy etadimi yoki yangiliklarni obuna asosida taqdim etishda davom etadimi — hozircha aniq emas.
Yanvar o‘rtalarida kompaniya bitim shartlarini qayta ko‘rib chiqayotgani va WBD’ni naqd pulga sotib olish variantlarini muhokama qilayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi.
Tahlilchilarga ko‘ra, Netflix qo‘shimcha qarz jalb qilish va barqaror kredit reytingini saqlab qolish uchun yetarli moliyaviy salohiyatga ega.
Avvalroq Halyk Bank Qozog‘iston regulyatoridan Click ulushini sotib olishga ruxsat olgani haqida xabar berilgandi.