Ispaniyaning “Betis” futbol klubi apelsin po‘stlog‘idan olingan organik tolalardan yaratilgan sport formasining cheklangan nusxasini rasman taqdim etdi, deb yozadi EastFruit.
Forma ishlab chiqarishda atrof-muhitga kam zarar yetkazadigan materiallardan foydalanilgan. Asosini apelsin po‘stlog‘idan ajratib olingan organik tolalar tashkil etadi.
Shuningdek, mato tarkibiga apelsin daraxti sellyulozasi va kiyimning chidamliligini oshiruvchi qayta ishlangan poliester ham qo‘shilgan.
Logos Press xabariga ko‘ra, tashabbuskorlar ekologik toza materiallardan kiyim yaratish g‘oyasiga tayangan. Futbolchilarning raqamlari va boshqa elementlarni tushirishda ham agressiv kimyoviy moddalar saqlamaydigan bo‘yoqlardan foydalanilgan.
Formaga apelsin gullarining tabiiy ifori ham berilgan bo‘lib, bu uni yanada o‘ziga xos qiladi. Hidni sezish uchun futbolka yuzasini biroz ishqalash kifoya.
Loyiha nafaqat estetik va tijoriy maqsadlarni, balki daraxtlarning shahar ekotizimidagi muhim o‘rni haqida jamoatchilik xabardorligini oshirishni ham ko‘zlaydi.




Klub joylashgan Seville shahrida 50 mingdan ortiq apelsin daraxti mavjud. Ular nafaqat bezak vazifasini bajaradi, balki kuchli yomg‘ir paytida tabiiy drenaj tizimi sifatida ham xizmat qiladi.
“Betis” Yevropada atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan tashabbuslari bilan ajralib turadigan klublardan biri hisoblanadi. Bir necha yil avval klub xodimlari elektr samokatlarga o‘tgan, uy stadioni — Benito Villamarin Stadiumda esa muxlislar orasida ekologik ongni oshirishga qaratilgan aksiyalar o‘tkaziladi.
2020-yilda klub “Forever Green” xalqaro barqaror rivojlanish dasturini ishga tushirgan. Shuningdek, “Betis” BMTning “Sports for Climate Action” (“Sport iqlim harakati uchun”) dasturida hamkor bo‘lgan ilk futbol klubi hisoblanadi.
Avvalroq Spot Ispaniyada 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlar bloklanishi mumkinligi haqida yozgandi.
Hukumat voyaga yetmaganlarni ijtimoiy tarmoqlarga kirishini cheklash imkonini beruvchi yoshni baholash vositasini joriy etishni rejalashtirmoqda.



