Ispaniya hukumati 16 yoshgacha bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy tarmoqlarga kirishini cheklash imkonini beruvchi yoshni baholash vositasini joriy etishni rejalashtirmoqda. Ispaniya raqamli transformatsiya vaziri Oskar Lopes tegishli bayonot bilan chiqdi.

“Yoshni aniqlash tizimi allaqachon ishlamoqda va Yevropa Komissiyasida sinovdan o‘tmoqda. U hozirning o‘zida samarali va mavjud vositalar orasida eng yaxshisi”, — deb yozadi ABC gazetasi uning so‘zlaridan iqtibos keltirib.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, tegishli vositani ijtimoiy tarmoqlarda akkaunt ochish uchun minimal yoshni 14 yoshdan 16 yoshgacha oshiradigan voyaga yetmaganlarni himoya qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasini qabul qilish bilan birga joriy etish rejalashtirilgan. Lopesning qo‘shimcha qilishicha, tizimni ishga tushirish kelasi yilga mo‘ljallangan.

10-dekabrdan Avstraliyada 16 yoshgacha bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlash rasman kuchga kirdi.

Qayd etilishicha, bu bolalarni telefonga qaramlik va internetdagi zararlardan himoya qilish bo‘yicha dunyodagi birinchi chora bo‘ldi.

Bundan buyon ijtimoiy tarmoqlar 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar va o‘smirlarning ijtimoiy tarmoqlarda profil yaratishining oldini olish uchun choralar ko‘rmaganligi aniqlansa, $50 mlngacha jarima to‘lashga majbur bo‘ladi.

Hozirgi vaqtda qonun faqat o‘nta platformaga tatbiq etilmoqda: Facebook, Instagram, TikTok, Snapchat, X, YouTube, Reddit, Twitch, Kick va Threads. Hokimiyat organlari GitHub ham taqiqlanishi mumkinligini inkor etmayapti.

Qayd etilishicha, Meta 4-dekabrdan boshlab o‘smirlarning Instagram, Facebook va Threads’dagi akkauntlarini o‘chirishni boshladi.

16 yoshdan kichik bo‘lgan ko‘plab foydalanuvchilar yangi qoidalar amal qilmaydigan Yope, Lemon8 va RedNote kabi boshqa platformalarga o‘tishni rejalashtirmoqda.


Avvalroq Yevroparlament 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlarga kirishini cheklashga chaqirgani haqida xabar berilgandi.