Avvalroq prezident farmoni (PF-22-son) bilan 2026-yil uchun davlat dasturi tasdiqlangani haqida xabar berilgandi.

Hujjat bilan, 2026-yil 1-iyundan eskirgan avtomobillarni utilizatsiya qilish va komponentlarini qayta ishlash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Uning doirasida ekspluatatsiya muddati o‘tgan avtomashinalarni qabul qilib oluvchi korxonalar faoliyati tashkil etiladi. Ular aholidan eski avtomobillarni Trade-in dasturi orqali oladi.

Loyiha doirasida eskirgan va atmosferaga zararli tashlanmalar chiqaruvchi 3 mingta avtomashinani qabul qilib olish rejalashtirilmoqda. Bunday avtomobillarni topshirgan fuqarolarni esa rag‘batlantirish, xususan, ularga avtokredit foizining bir qismini qoplab berish ko‘zda tutilgan.

Ushbu topshiriq ijrosi uchun Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda O‘zavtosanoat kompaniyasi mas’ul etib belgilangan.

Shu bilan birga, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, Energetika vazirligi hamda O‘zeltexsanoat uyushmasiga joriy yilning 1-sentabrigacha texnika va uskunalarni utilizatsiya qilishning milliy tizimini joriy etish to‘g‘risidagi prezident qarori loyihasini ishlab chiqish topshirildi.

Loyihada foydalanish muddati o‘tgan transport vositalari, maishiy va boshqa elektrotexnika buyumlari hamda quyosh panellarini utilizatsiya qilish tizimini joriy qilish uchun davlat utilizatsiya dasturini ishlab chiqish belgilanadi.

20−25 yil davomida foydalanilgan eski transport vositalarini zamonaviy xavfsizlik va ekologiya talablariga javob beradigan avtomobillarga almashtirishni rag‘batlantirish choralari ishlab chiqiladi. Yangi avtomobil xaridida fuqarolarga chegirmalar, soliq imtiyozi va boshqa moliyaviy yengilliklar ko‘zda tutiladi.

Bundan tashqari, dastur eskirgan panellar, texnika buyumlarini qabul qilish punktlari tarmog‘ini tashkil etish orqali qayta ishlash uchun yaxlit infratuzilmani yaratishni nazarda tutadi. Shu bilan birga, elektron qurilmalarni utilizatsiya qilish mexanizmlarini qonun darajasida belgilash hamda ehtiyot qismlarini qayta ishlash zanjirini tashkil etish belgilangan.

2024-yilning mart oyida qabul qilingan hukumat qarori bilan aholiga “zararli” toifadagi avtomobillarni “toza” toifadagilariga almashtirish uchun subsidiya berish tizimini joriy etish bo‘yicha hukumatga taklif kiritish topshirilgandi.

Joriy yilning 1-fevralidan O‘zbekistonda ishlab chiqarilganiga 50 yil va undan ortiq bo‘lgan transportlardan foydalanish, ularni qayta ro‘yxatga olish taqiqlanib, ular davlat ro‘yxatidan chiqarildi.

Avvalroq prezident Markaziy bank va O‘zavtosanoat'ga bir haftada avtokredit stavkasini pasaytirishni topshirgani haqida xabar berilgandi.