Avvalroq prezident qishloq xo‘jaligini maxsus texnika bilan taʼminlash hamda sohaga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish yuzasidan taqdimot bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.

Unda Toshkent traktor zavodi faoliyatini sog‘lomlashtirish va qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari ham ko‘rib chiqildi.

Sohada zamonaviy bank xizmatlarini yo‘lga qo‘yish, raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellektga asoslangan yechimlarni joriy qilish borasidagi ishlar ham taqdimot qilindi.

2025-yilda Agrobank tomonidan qishloq xo‘jaligi texnikasi uchun 1,6 trln so‘mlik kreditlar ajratilgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkichni 3,9 trln so‘mga yetkazish ko‘zda tutilgan. Kreditlash jarayonlarini avtomatlashtirish natijasida kredit ajratish muddati 3 kundan 3 soatgacha qisqarishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, mijozlarga kompleks qishloq xo‘jaligi xizmatlari ko‘rsatiladi. Bunda har bir hududda bittadan agroxizmat zonalari tashkil etiladi va ularda qishloq xo‘jaligi agenti faoliyat yuritadi.

Ushbu zonalarda fermerlar bir joyning o‘zida bank, konsalting, monitoring, tuproq tahlili, ko‘chat yetkazib berish xizmatlari, agronom maslahatidan foydalanishlari, o‘quv kurslari haqida maʼlumot olishlari mumkin bo‘ladi.

Bankning chorvachilik va mevachilikda, suvni sarfini “aqlli” boshqarishda sunʼiy intellektdan foydalanish bo‘yicha pilot loyihalarni amalga oshirish, qishloq xo‘jaligida startaplarni moliyalashtirish maqsadida ustav kapitali 100 mlrd so‘mlik yangi venchur kompaniyasini taʼsis etish borasidagi rejalari ham ko‘rib chiqildi.

Davlat rahbari takliflarni maʼqullab, qishloq xo‘jaligida mexanizatsiya darajasini yana-da oshirish, mahalliy ishlab chiqarish va servisni rivojlantirish, raqamli platformalar orqali monitoring va moliyaviy xizmatlarni yaxshilash yuzasidan mutasaddilarga bir qator ko‘rsatmalar berdi.

Avvalroq O‘zbekistonda startaplarni qo‘llab-quvvatlashning to‘rt bosqichli tizimi joriy etilishi haqida xabar berilgandi.