Avvalroq prezident yoshlar bilan muloqot o‘tkazayotgani haqida xabar berilgandi.

Ko‘mak dasturi doirasida 130 mln so‘mgacha foizsiz ssuda ajratish yo‘lga qo‘yilgani uchun olis va chekka hududlarda olti oy ichida xorijiy til o‘rgatadigan 120 dan ziyod o‘quv markazi ish boshladi.

Bunday o‘quv markazlarini tashkil qilib, tajriba orttirgan yosh tadbirkorlar atrofida AT va zamonaviy kasb markazi, kutubxona, sport to‘garaklarini ochish taklifini bermoqda.

Ko‘mak loyihasi doirasida o‘z biznesini boshlab, yaxshi natija ko‘rsatayotgan yoshlar faoliyatini kengaytirish uchun 300 mln so‘mgacha foizsiz ssuda ajratish yo‘lga qo‘yiladi.

Endi olis hududlardagi o‘quv markazlari ijtimoiy soliqni 1% miqdorida to‘laydi, ulardagi o‘qituvchilar uchun daromad solig‘i 7,5% bo‘ladi (hozir ijtimoiy va daromad solig‘i 12%an to‘lanadi).

Yoshlar ishlari agentligiga xususiy o‘quv markazlari bilan hamkorlikda yiliga 20 ming yoshni kelajak kasblariga o‘qitish dasturini ishga tushirish, har bir tumanga 500 mln so‘mgacha ssuda ajratib, texnikum va o‘quv markazlarida kasb-hunar laboratoriyasini tashkil qilish topshirildi.

Qo‘qon universiteti zamonaviy asbob-uskunalar, texnika va laboratoriyaga ega 400 o‘rinli o‘quv markazini ishga tushirgani taʼkidlandi.

Universitet ehtiyojmand oilalar farzandlarini o‘quv markazida dasturlash, sun‘iy intellekt, robototexnika bo‘yicha 6 oylik o‘quv kurslarida bepul o‘qitmoqchi. Birgina shu orqali yiliga 5 mingdan ziyod uyushmagan yoshlarning zamonaviy bilimlarni egallashi uchun sharoit yaratiladi.

Yoki Toshkent agrar universiteti mexanizatsiya va agromuhandislik yo‘nalishidagi talabalarini “dual” ta‘lim asosida bevosita Chirchiqdagi agro-tex klasterida o‘qitmoqchi. Ular bir vaqtning o‘zida ishlab, maosh oladi.

Shuningdek, universitetda har biri 5 nafar talabadan iborat Kelajak fermerlari eksperimental jamoalari tashkil etiladi. Ushbu jamoalar o‘quv yili davomida 10 sotix yerni o‘zlashtirib, o‘zlari ekin ekadi. Ular yerning unumdorligini oshirish, serhosil va yuqori daromad olish ko‘rsatkichlaridan kelib chiqib, kursdan kursga o‘tadi.

Qolgan barcha oliygohlar ushbu ijobiy tajribalardan namuna olishi zarurligi qayd etildi.

Endi joylarda mana shunday maskanlarni tashkil qilib, ehtiyojmand oilalardagi yoshlarni bepul o‘qitishni yo‘lga qo‘ygan o‘quv markazlari yer va mol-mulk solig‘idan ozod qilinadi. Kommunal xarajatlarining yarmi budjetdan qoplab beriladi, o‘qituvchilarga to‘langan daromad solig‘i va ijtimoiy soliq “keshbek” sifatida qaytariladi.

Avvalroq texnikum o‘quvchilari ham Work and Travel dasturi asosida 6 oyga xorijga yuborilishi haiqda xabar berilgandi.