Shavkat Mirziyoyev 23-fevral kuni yirik energetika loyihalarini amalga oshirish, energiya tizimi barqarorligini taʼminlash va energiya samaradorligini oshirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Tanqidiy tahlil ruhida o‘tgan yig‘ilishda mamlakatda elektr energiyasi bo‘yicha jami generatsiya quvvatlari 25,8 ming MVtga yetgani qayd etildi. Shundan quyosh, shamol va gidroenergetika 8 ming MVtni, yaʼni umumiy hajmning 31%ini tashkil etmoqda. 2026-yilda elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini 90 mlrd kVt/soatga yetkazish rejalashtirilgan bo‘lib, bu 2020-yilga nisbatan 40% o‘sish degani.
Joriy yilda iqtisodiy o‘sish hamda tarmoqlarda ishlab chiqarish hajmlarining oshishi hisobiga elektr isteʼmoli yana 1 mlrd kVt/soatga ortishi kutilmoqda. Shu munosabat bilan aholi va iqtisodiyot ehtiyojlariga mos ravishda energiya resurslarini uzluksiz yetkazib berish, tarmoqlarni yangilash, investitsiyalarni ko‘paytirib, yirik loyihalarni o‘z vaqtida ishga tushirish birinchi navbatdagi vazifa sifatida belgilandi.
Bugungi kun holatiga ko‘ra, yoqilg‘i-energetika majmuidagi investitsiya portfeli 133 ta loyihani qamrab olgan bo‘lib, umumiy qiymati $51,4 mlrdni tashkil etmoqda. Shundan $43 mlrdlik 73 ta yirik loyiha bo‘yicha tizimli yondashuv qilib, yil yakuniga qadar 6770 MVt yangi quvvatlarni ishga tushirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Bu 2,8 ming MVt quyosh, 2,5 ming MVt issiqlik, 470 MVt shamol, 68 MVt gidroenergetika quvvatlari hamda 884 MVt energiya saqlash tizimlaridir.
Biroq ayrim loyihalarni kelishish va yer ajratish bilan bog‘liq jarayonlarda turli sustkashliklarga yo‘l qo‘yilayotgani oqibatida mavjud loyihalarni kengaytirish hamda yangilarini boshlash orqaga surilayotgani tanqid qilindi. Mutasaddilarga yer ajratish va toifasini o‘zgartirish ishlarini tezlashtirish topshirildi.



Umuman, joylarda energetikani rivojlantirish va energotejamkorlikni taʼminlashda Energetika vazirligi hamda hokimliklar yaqin hamkorlik va muvofiqlashuv asosida ishlashi zarurligi qayd etildi.
Loyihalarni amalga oshirishda mahalliy ishlab chiqaruvchilar va mahsulotlar ishtirokini yana-da kengaytirish muhim ekani taʼkidlandi. 2025-yilda investitsiya loyihalarida mahalliy komponent ulushi $737 mlnni tashkil etgan bo‘lsa, 2026-yilda bu ko‘rsatkichni $1 mlrddan oshirish maqsad qilingan.
Jumladan, o‘tgan yili transformator ishlab chiqarish zavodi ishga tushdi. Joriy yilda yangi turdagi kabel va muftalarni, shamol elektr stansiyalari minoralari va parraklarini mahalliylashtirish loyihalarini ishga tushirish, energiya saqlash tizimlarini mahalliylashtirish loyihasini boshlash rejalashtirilgan.
Elektr energiyasini ishlab chiqarish hajmi ortayotgan sharoitda uni isteʼmolchilarga o‘z vaqtida yetkazib berish masalasi dolzarb ekani, lekin qo‘shimcha yuqori kuchlanishli magistral tarmoqlari qurilmasa, generatsiya quvvatlarining isteʼmol hajmidan oshib ketishi xavfi mavjudligi ko‘rsatib o‘tildi. O‘tgan yili elektr tarmoqlarini rivojlantirishga ajratilgan mablag‘larni o‘zlashtirish surʼati yetarli emasligi qayd etildi.
Shu munosabat bilan yaqin yillarda jami 602 kilometr uzunlikdagi Tolimarjon — So‘g‘diyona, Sirdaryo — Halqa va Qorako‘l — Nurobod liniyalarini, 2030-yilga qadar Yangi Angren — Namangan tarmog‘i hamda Namangan nimstansiyasini qurish rejalari haqida axborot berildi.
Toshkent shahrida 75 kilometr yuqori kuchlanishli tarmoqlar va 5 ta nimstansiya qurish, 69 kilometr tarmoq hamda 18 ta nimstansiyani modernizatsiya qilish, 638 kilometr past kuchlanishli tarmoqlar va 161 ta transformator shoxobchalarini modernizatsiya qilish topshirildi.
Qo‘shni davlatlar bilan energetika tizimlarini integratsiya qilish hisobiga vodiy viloyatlarida elektr taʼminotini yaxshilash rejalari ham muhokama qilindi. Surxon — Puli-Xumri yuqori kuchlanishli tarmog‘i va uning nimstansiyalari qurilishini jadallashtirish vazifasi qo‘yildi.
Avvalroq kichik va o‘rta korxonalarda energiya samaradorlik bo‘yicha 3 yillik dastur ishlab chiqilishi haqida xabar berilgandi.


