Avvalroq prezident yirik energetika loyihalarini amalga oshirish, energiya tizimi barqarorligini taʼminlash va energiya samaradorligini oshirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazgani haqida xabar berilgandi.
Energiya samaradorligi borasida hali ko‘p ishlar qilinishi shartligi qayd etildi.
Soha va tarmoqlarda 2026-yilda elektr 4,37 mln kVt/soat elektr energiyasi, 2,84 mlrd kub metr tabiiy gaz tejash uchun tizimli va manzilli choralar ko‘rish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Yirik korxonalarda ishlab chiqarish hajmini o‘zgartirmasdan energiya sarfini kamida 10%ga kamaytirish, tarmoqlar va ijtimoiy obyektlarda energiya samaradorligini oshirish uchun $200 mln resurs jalb etish choralari belgilandi.
Respublika hududlarida issiqlik va kogeneratsiya markazlarini qurish dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish topshirildi. Toshkent shahrining har bir tumanida bittadan kogeneratsiya markazini tashkil etish ishlari davom ettiriladi, Yunusobod tajribasi asosida hududlarda 7 ta kogeneratsiya markazlari quriladi.
Issiqlik stansiyalari kuz-qish mavsumida barqaror ishlashini taʼminlash maqsadida ular uchun suyultirilgan gazni saqlash infratuzilmasini barpo etish masalasini o‘rganib, takliflar kiritish topshirildi.
Yig‘ilish yakunida prezident strategik loyihalarni o‘z vaqtida ishga tushirish, magistral va taqsimlovchi tarmoqlarni jadal rivojlantirish, energiya samaradorligini oshirish yuzasidan qo‘shimcha topshiriqlar berdi.
Avvalroq yil boshidan O‘zbekistonda 1 mlrd kVt/soat yashil energiya ishlab chiqarilgani haqida xabar berilgandi.