Avvalroq prezident yoshlar bilan muloqot o‘tkazayotgani haqida xabar berilgandi.
Joriy yildan “Kelajak tadbirkori” dasturi ishga tushirilishi va yosh tadbirkorlarga 7 yil muddatgacha 15%li kredit ajratish boshlanishi taʼkidlandi.
Xususan, o‘zini o‘zi band qilgan yoshlarga garovsiz 20 mln so‘mgacha, tadbirkorlik ko‘nikmasiga ega bo‘lib, o‘z biznesini boshlayotganlarga 300 mln so‘mgacha, faoliyatini kengaytirmoqchi bo‘lgan yosh tadbirkorlarga 2 mlrd so‘mgacha, kamida 5 ta bitiruvchini ishga olgan tadbirkorlarga esa 10 mlrd so‘mgacha kredit beriladi.
Oliy ta‘lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda Mening birinchi kasbim dasturini boshlash topshirildi. Bunda stajirovka dasturi asosida oliygoh bitiruvchilari o‘rtasida tanlov o‘tkazib, ularga oyiga 2 mln so‘mgacha stipendiya to‘lash yo‘lga qo‘yiladi.
Tadbirkorlikni endi boshlayotgan yoshlarning 30%i biznes ko‘nikmasi yetishmagani uchun qiyinchilikka uchrayotgani qayd etildi.
Shu bois, har bir hududda tadbirkorlikka o‘qitish, g‘oyani biznesga aylantirish, buxgalteriya, bank, marketing, ichki va tashqi bozorlarga chiqish bilan bog‘liq kompleks xizmatlarni ko‘rsatadigan Yoshlar biznes inkubatori ishga tushiriladi.
Mutasaddilarga yoshlar uchun qulay joylarni belgilab, bu yil Qoraqalpog‘iston, Jizzax, Namangan, Surxondaryo, Xorazm va Toshkent shahrida, kelgusi yilda qolgan hududlarda bunday markazlarni tashkil qilish topshirildi.
Avvalroq o‘zini o‘zi band qilgan yoshlarga beriladigan kredit miqdori 300 mln so‘mga oshirilishi haqida xabar berilgandi.