Shavkat Mirziyoyev 23-fevral kuni O‘zbekneftgaz aksiyadorlik jamiyati faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha avval berilgan topshiriqlar ijrosi bilan tanishdi.
Joriy yil 30-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan taqdimotda kompaniya faoliyatida operatsion samaradorlikni oshirish va moliyaviy barqarorlikni taʼminlash, geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirib, zaxiralarni ko‘paytirish bo‘yicha qator vazifalar belgilab berilgan edi.
Davlat rahbariga bu boradagi ishlarning borishi, kompaniya faoliyatida xarajatlarni maqbullashtirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar haqida maʼlumot berildi.
Ular orasida:
- kompaniyaning markaziy apparati tashkiliy tuzilmasini qayta ko‘rib chiqish va maqbullashtirish;
- ishlab chiqarish xizmatlari, tovarlar va materiallar, shuningdek pudrat ishlari narxlarini qayta ko‘rib chiqish ishlarini boshlash;
- kredit portfelini tartibga solishni amalga oshirish;
- sohaga oid bo‘lmagan aktivlarni boshqaruvdan chiqarish;
- debitor qarzdorlikni qisqartirish bo‘yicha tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yish bor.
Geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish va uglevodorod zaxiralarini ko‘paytirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarga ham to‘xtalib o‘tildi.
Jumladan, 2026−2027-yillarda qator hududlarda yangi maydonlarda qidiruv ishlarini kuchaytirish, 3D seysmik-qidiruv hajmlarini kengaytirish hamda quduqlarni qurilish bilan yakunlash rejalari belgilangani aytildi.
Shuningdek, joriy yil yanvar-fevral oylarida ikkita yangi gaz kondensat koni ochilgani haqida maʼlumot berildi.
Kompaniyani strategik rivojlantirish doirasida forenzik audit o‘tkazish, xaridlar jarayonlarini takomillashtirish, ESG tamoyillarini joriy etish hamda hisobotlarni xalqaro standartlar asosida tayyorlash ishlari tezlashtiriladi.
Prezident belgilangan vazifalar va rejalashtirilgan barcha tadbirlar ijrosini aniq hisob-kitob, qatʼiy intizom hamda shaxsiy javobgarlik asosida taʼminlashni davom ettirish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.
2025-yil 17-dekabr kuni O‘zbekneftgazni qariyb 4 yil boshqargan Bahodirjon Sidiqov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rniga O‘zbekgidroenergo boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov kompaniya rahbari bo‘ldi.
Yanvar oyida Shavkat Mirziyoyev yig‘ilishda hozirda O‘zbekneftgazda keng ko‘lamli tekshiruvlar o‘tkazilayotgani, natijada milliardlab so‘mlik talon-torojliklar aniqlanganini ma’lum qilgandi. DXX raisi Bahodir Qurbonovga davlat kompaniyasiga mas’ul xodimlarning javobgarligi masalasini ko‘rib chiqish topshirildi.
Avvalroq Spot 2026-yilda O‘zbekneftgazga geologiya-qidiruv ishlari uchun 30 ta hudud berilishi haqida yozgandi.