Avvalroq prezident yoshlar bilan muloqot o‘tkazayotgani haqida xabar berilgandi.
Unda o‘tgan yilda Kasbiy ta‘lim agentligi tashkil qilinib, har bir hududda hokimlar boshchiligida Kasbiy ta‘lim kengashlari ish boshlagani aytib o‘tildi.
Agentlik va hokimlarga qaysi texnikumda kasbga o‘qitish dasturini qayta ko‘rib chiqib, ish beruvchilarning talabiga moslash, qaysi biriga kasb-hunar va “dual ta‘lim” bo‘yicha eng yaxshi tajribalarni olib kelish kerakligi va texnikumlarning moddiy-texnika bazasini yaxshilash bo‘yicha masalalarni tezkor hal qilib borish topshirildi.
Hokimlar texnikum binosi va yerlari boshqa maqsadlarda berilmasligi, direktorlari esa faoliyatiga tegishli bo‘lmagan yig‘ilishga chaqirilmasligi haqida ogohlantirildi. Har yili kamida 100 tadan texnikumni to‘liq ta‘mirlab, texnologik va talab yuqori bo‘lgan kasblarga mos holda jihozlash maqsad qilib olindi.
Dual ta‘lim qamrovini yana-da kengaytirish muhimligi ta‘kidlandi. Har oyda texnikumlarda Kasbiy rivojlanish kuni va mehnat yarmarkalari tashkil qilinadi. Texnikumlarga ham oliygohlar kabi spin-off ochishga ruxsat beriladi. Bunda o‘quvchilarning startap loyihalariga 1 mlrd so‘mgacha ajratiladi.
Joriy yildan xuddi oliygoh talabalari kabi texnikum o‘quvchilari uchun ham Ishla va sayohat qil (Work and Travel) dasturi asosida olti oy davomida xorijda ishlab, qo‘shimcha daromad topish imkoniyati yaratiladi. Bunda dasturda ishtirok etuvchi texnikum o‘quvchilariga yo‘lkira xarajatlari uchun ssuda ajratiladi.
Xorijiy til sertifikatini olgan yoshlarga imtihon va o‘qish xarajatini qoplash yo‘lga qo‘yilgani katta samara bergani aytildi. Sertifikatga ega yoshlar 600 mingdan oshdi. Eng muhimi, xorijiy tillarni mukammal biladigan 72 mingta instruktor paydo bo‘ldi.
Yaratilgan sharoitlar hisobiga xususiy o‘quv markazlarining soni 3 karra ko‘payib, 38 mingdan oshdi. Mazkur yo‘nalishdagi yosh tadbirkorlar O‘quv markazlari uyushmasini tashkil qilish tashabbusi bilan chiqqan. Prezident buni qo‘llab-quvvatladi.
Endilikda uyushmaga a‘zo bo‘lgan xususiy o‘quv markazlariga binosini ijaraga bergan tadbirkorlar ijaradan olinadigan daromad va foyda solig‘ini to‘lashdan ozod etiladi.
Bunday markazlarning o‘qituvchilarini Yoshlar ishlari agentligi hisobidan AQSh, Buyuk Britaniya, Singapur, Yaponiya kabi ilg‘or ta‘lim markazlariga stajirovkaga yuborish yo‘lga qo‘yiladi.
Avvalroq O‘zbekiston Garvard va Stenford universitetlari bilan Yangi avlod tadbirkorlari dasturini ishga tushirishi haqida xabar berilgandi.