Apple kompaniyasi birinchi sensorli ekranli MacBook Pro‘ni chiqarmoqchi. Bu haqda Bloomberg muxbiri Mark Gurman xabar bermoqda.
Avvalroq Apple tarixida sensor ekranli noutbuklar bo‘lmagan. Bunday texnologiyaga ehtiyoji bor foydalanuvchilar iPad planshetlarini xarid qiladi, deb taxmin qilingan. Biroq kompaniyaning strategiyasi o‘zgardi.
Texnogigant 2026-yildayoq sensorli displeyli MacBook Pro chiqarishi kutilmoqda. U OLED-ekranga ega bo‘ladi, u bilan ishlash uchun macOS operatsion tizimi yangilanadi.
U sensorli boshqaruv uchun yanada qulayroq bo‘ladi. Masalan, turli elementlar kiritish usuliga qarab o‘zgaradi, bundan tashqari, interfeysning alohida qismlari zarur bo‘lganda o‘z o‘lchamini o‘zgartiradi.
Noutbukning yana bir o‘ziga xos jihati “cho‘lka” laqabini olgan kemtik o‘rnini bosuvchi Dynamic Island kemtigi bo‘ladi. So‘nggi yillardagi iPhone’lar dizaynidan olingan bu yangi element ekranda ko‘proq joy ajratish imkonini berishi kutilmoqda.
Hozircha texnik xususiyatlari haqida batafsil ma’lumotlar kam. Insayderlarning xabar berishicha, noutbukning korpusi yupqaroq bo‘ladi, biroq tashqi ko‘rinishi MacBook Pro‘ning hozirgi versiyasiga o‘xshaydi.
Xaridorlarga ekrani 14 va 16 dyuymli modellar taklif qilinadi. Ular M6 Pro va M6 Max chiplari bilan jihozlanadi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yangi noutbuklar 2026-yil oxirida sotuvga chiqarilishi kutilmoqda.
Avvalroq Bllomberg Apple uchta sun’iy intellekt aksessuarlarini taqdim qilishi mumkinligi haqida xabar bergandi.
Kompaniya hozirda uchta — aqlli ko‘zoynak, sun’iy intellektli kulon va kamerali AirPods ustida ish olib bormoqda.