O‘tgan yilning iyulida Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani hokimi Mahmud Xolbo‘tayev korrupsiyada ayblanib qo‘lga olingandi.
Oliy sud matbuot xizmati sobiq hokim 11 yilga ozodlikdan mahrum etilganini maʼlum qildi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Zomin tuman sudining hukmiga muvofiq Mahmud Xolbo‘tayev Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 2-qismi “b”, “v”, “g” bandlari, 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 1-qismi, 210-moddasi (pora olish) 3-qismi “a” bandi va 229−4-moddasi (yer berish tartibini buzish) 2-qismi “a” bandi bilan aybdor deb topilgan.
Sud hukmi bilan unga 3 yil hokimiyat va davlat boshqaruv organlarida mansabdorlik hamda moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda BHMning 150 baravari (61,8 mln so‘m) miqdorida jarima jazosi hamda 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Bundan tashqari, iyulda tumani hokimligi qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha bosh mutaxassisi ham qo‘lga olingandi.
Sud tomonidan fuqaro N.I. Jinoyat kodeksining 28,210-moddasi 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi.
Unga 2 yil hokimiyat va davlat boshqaruv organlarida mansabdorlik hamda moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 7 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Sudlanuvchilar tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosini umumiy tartibli koloniyalarda o‘tashi belgilandi.
“Birinchi instansiya sudining hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Jizzax viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hayʼatiga apellyatsiya/kassatsiya tartibida shikoyat berish va protest keltirishga haqliligi maʼlum qilinadi”, — deyiladi Oliy sud xabarida.
Avvalroq Qibrayda hokim yordamchisi $10 ming bilan ushlangandi.