O‘zbekneftgaz va Qozog‘istonning KazMunayGaz kompaniyasi chiziqli alkilbenzol ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni jadallashtirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda O‘zbekiston kompaniyasi matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekneftgaz boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov KazMunayGazning nomi keltirilmagan sho‘ba korxonasi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi. Biroq uchrashuv suratlarida Qozog‘iston konsernining neft-kimyo bo‘linmasi — KMG PetroChem rahbari Diaz Diyanov ko‘ringan.
Muzokaralar chog‘ida chiziqli alkilbenzol (LAB) ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyihaning hozirgi holati va amalga oshirish bosqichlari muhokama qilindi. Bu modda sintetik yuvish vositalari va maishiy kimyo uchun xom ashyo sifatida ishlatiladi.
Tomonlar yaqin kelajakda texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlarni tayyorlashni yakunlash uchun loyiha ishlarini jadallashtirishga kelishib oldilar.
O‘zbekneftgaz matbuot xizmatining ta’kidlashicha, loyihaning amalga oshirilishi neft-kimyo mahsulotlarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga yordamlashadi.
Shuningdek, u mintaqaviy bozor ehtiyojlarini qondirish, O‘zbekiston va Qozog‘istonning eksport imkoniyatlarini oshirish imkonini beradi.
2025-yil noyabr oyida Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev umumiy qiymati $1,2 mlrd bo‘lgan bir nechta qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga start berishdi. Ular orasida Qashqadaryo viloyatidagi LAB ishlab chiqarish majmuasi ham tilga olindi.
O‘zbekiston rahbari dekabr oyida Oliy Majlis va xalqqa yo‘llagan murojaatnomasida loyihaning ayrim tafsilotlarini ochilqagan edi i. Uning so‘zlariga ko‘ra, bo‘lajak zavod $200 mlnga tushadi va maishiy kimyo, polimerlar va sintetik yoqilg‘i ishlab chiqarish uchun yiliga 50 ming tonna alkilbenzol ishlab chiqarish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Avvalroq Spot O‘zbekneftgaz kredit to‘lovlarini restrukturizatsiya qilishga tayyorlanayotgani haqida yozgandi.