Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida urbanizatsiya jarayonlarini rivojlantirish va yashil hududlarni kengaytirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Toshkent shahrining doimiy aholisi 3,1 mln nafardan oshgani taʼkidlandi. Shu bilan birga, 2045-yilga borib, shahar aholisi ikki barobardan ziyodga ortishi prognoz qilinmoqda.

Shahar muhitini sog‘lomlashtirish va turmush sifatini yaxshilash maqsadida yashil hududlarni kengaytirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Xususan, Toshkent shahri va uning atrofida yashil zonalar maydonini uch baravarga oshirib, 25 ming gektarga yetkazish, aholi jon boshiga yashil maydonlar hajmini 3 kvadrat metrdan 6 kvadrat metrgacha ko‘paytirish maqsad qilingan.

O‘tgan davrda tashabbuskorlar tomonidan qurilish bo‘yicha umumiy maydoni 2679 gektar bo‘lgan 85 ta loyiha taklifi kelib tushgan. Taqdimotda ushbu loyihalarni kompleks ko‘rib chiqishning natijalari haqida axborot berildi.

O‘rganish davomida har bir loyihani shaharsozlikning yagona yondashuvi asosida baholash, hududning kamida 30%ida yashil maydonlar tashkil etish imkoniyati, renovatsiya orqali eskirgan hududlarni kompleks yangilash hamda yer maydoni 1 gektargacha bo‘lgan kichik va zich qurilishlar amaliyotidan voz kechish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Ko‘rib chiqish yakunlaridan kelib chiqib, 18 ta loyihani amalga oshirishga ruxsat berish, 12 ta loyihaning yer maydoni, qavatlar soni va loyiha konsepsiyasiga o‘zgartirish kiritgan holda maqbullashtirish taklif etilgan, 54 ta loyihani esa konseptual jihatdan to‘liq qayta ko‘rib chiqish zarur deb topilgan.

Yangihayot tumanidagi Yangi avlod maxsus sanoat zonasini kengaytirish rejalari muhokama qilindi. Buning hisobiga Toshkent shahri markazidan yirik sanoat korxonalarini bosqichma-bosqich ko‘chirish, yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan va ekologiya talablariga javob beradigan ishlab chiqarishlarni joylashtirish muhim ekani qayd etildi.

Maʼqullangan loyihalarni amalga oshirish natijasida har yili qurilish hisobidan qo‘shimcha $1,5 mlrd yalpi hududiy mahsulot, budjetga 3,5 trln so‘m tushumlar shakllanishi va 260 ming ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.

Taqdimotda yashil hududlarni kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Loyihalarning kamida 30%ida, yaʼni 400 gektarda yashil maydonlar tashkil etish shartligi ko‘rsatib o‘tildi. Bundan tashqari, Toshkent shahrining 9 ta hududida umumiy maydoni 134 gektar bo‘lgan alohida yangi jamoat parklari barpo etish rejalari ko‘rib chiqildi va maʼqullandi.

Loyihalardan undiriladigan infratuzilma to‘lovlaridan tushgan mablag‘lar, birinchi navbatda, yangi yashil hududlar barpo etishga, ortgan qismi esa shahar infratuzilmasi obyektlarini qurishga sarflanishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Prezident poytaxtdagi urbanizatsiya jarayonlarini jamoatchilik manfaatlari, sog‘lom muhit va ekologiya talablari bilan bog‘lagan holda rivojlantirish bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi.

Avvalroq renovatsiya ulushi to‘rt barobarga oshirilishi, Yangi O‘zbekiston massivlari soni 120 taga yetkazilishi haqida xabar berilgandi.