Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston temir yo‘llari aksiyadorlik jamiyati tarkibidagi korxonalarda yuk vagonlarini qurish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusi yillar uchun rejalar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Mamlakatda transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, eksport salohiyatini kengaytirish va iqtisodiyot tarmoqlarini uzluksiz logistika xizmatlari bilan taʼminlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

Temir yo‘l transportida keng ko‘lamli yangilanish jarayonlari amalga oshirilmoqda. Ular sohani tubdan modernizatsiya qilish, ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish hamda vagon parkini bosqichma-bosqich yangilashga xizmat qilmoqda.

Xususan, 2023−2025-yillarda qiymati $105 mln bo‘lgan loyiha doirasida 1590 dona yarim ochiq yuk vagoni ishlab chiqarildi. Bu esa ichki va xalqaro tashuvlarda yuk aylanmasini oshirish, logistika zanjirlarining barqarorligini taʼminlash imkonini bermoqda.

Shuningdek, 2025−2026-yillarga mo‘ljallangan $150 mlnlik yangi bosqichda yuk va yo‘lovchi vagonlarini qurish, shu bilan birga, O‘zbekiston temir yo‘llari tarkibidagi vagon ishlab chiqarish korxonalarini modernizatsiya qilish ishlari olib borilmoqda. Loyiha doirasida 954 dona yuk va 70 dona yo‘lovchi vagonining qurilishi boshlangan.

Bugungi kunga qadar ushbu loyiha doirasida 45 dona yo‘lovchi vagoni va 340 dona sisterna ishlab chiqarildi. Joriy yil yakuniga qadar qo‘shimcha ravishda 614 dona yuk va 25 dona yo‘lovchi vagonlari ishlab chiqariladi.

Kelgusi yillarda yuk vagonlarini ishlab chiqarish hajmlarini keskin oshirish uchun yaqinda prezident alohida qarorni imzolagan edi. Hujjatga muvofiq, qo‘shimcha $100 mln mablag‘ ajratilib, 1350 dona yuk vagoni yetkazib beriladi. Buning uchun shu yilning o‘zida sanoat korxonalari quvvatlarini 1,5 barobarga oshirish va 2 mingta yuk vagonlarini ishlab chiqarish vazifasi qo‘yildi.

Davlat rahbari vagon parkini yangilash, tashish hajmlarni oshirish hamda xarajatlarni maqbullashtirish yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” Janubiy Koreyaning Hyundai Rotem kompaniyasi bilan 6 ta tezyurar poyezd sotib olish bo‘yicha kelishuvga erishgan. Ularning birinchi partiyasi 2025-yil dekabr oyida O‘zbekistonga jo‘natildi. Yangi elektropoyezdlar 2026-yil mart oyidan keyin Toshkent va Xiva o‘rtasida qatnay boshlaydi. 35 ta vagondan iborat qolgan beshta Hyundai Rotem poyezdlari 2027-yilgacha yetkazib berilishi kutilmoqda.

Avvalroq O‘zbekistonda tezyurar poyezdlardagi yo‘lovchilar oqimi 2030-yilga kelib ikki barobarga oshishi haqida xabar berilgandi.