Avvalroq Finlyandiyaning Wolt yetkazib berish xizmati O‘zbekistondagi faoliyatini to‘xtatayotgani haqida xabar berilgandi. Xizmat 5-martdan boshlab o‘z ilovasi yoki sayti orqali buyurtmalarni qabul qilmaydi.

Kompaniya yopilish to‘g‘risidagi “murakkab” qarorning qabul qilinishi yengil bo‘lmaganini bildirdi. Xizmat o‘z faoliyati natijalarini “muntazam ravishda tahlil qilib borish”, mijozlar, savdo hamkorlari va kuryerlar uchun “barqaror va sifatli xizmatni ta’minlash maqsadida”.

“Kompaniyamiz rivojlanar ekan, biz uzoq muddatli va barqaror biznes qurishimiz mumkin bo‘lgan hududlarga investitsiyalarni yo‘naltirish strategiyamizni qayta ko‘rib chiqdik. O‘zbekiston bozoridagi sharoitlar sababli biz xizmat darajasini doimiy ravishda o‘z standartlarimizga mos ravishda ta’minlay olmadik. Shu sababli faoliyatimizni yakunlash to‘g‘risidagi qaror qabul qilindi”, — deyiladi xabarda.

Mijozlar xizmat ilovasi orqali 4-martgacha odatdagidek buyurtma berishi mumkin, undan so‘ng esa yangi buyurtmalarni qabul qilish to‘xtatiladi. Biroq akkaunt va mavjud buyurtmalar bo‘yicha yordam berish davom etadi.

Mavjud kredit va aksiyalardan ham faqat xizmat yakunlangunga qadar foydalanish tavsiya etiladi, undan keyin ularni ishlatish yoki boshqa platformaga o‘tkazish mumkin bo‘lmaydi.

Shu bilan birga, foydalanilmagan mablag‘lar avtomatik tarzda akkauntdagi asosiy to‘lov usuliga qaytariladi. Buyurtmalar, mablag‘lar va akkaunt masalalari bo‘yicha murojaatlar 27-martgacha qo‘llab-quvvatlash xizmati orqali qabul qilinadi.

Wolt hozircha O‘zbekiston bozoriga qaytishni rejalashtirmagan.

Mijozlarning ilovadagi akkaunti saqlanib qoladi va undan Wolt faoliyat yuritayotgan boshqa mamlakatlarda foydalanish mumkin. Shaxsiy ma’lumotlar kompaniya maxfiylik siyosatiga muvofiq qayta ishlanadi. Akkaunt yopilgandan so‘ng ma’lumotlar qonunchilik talablariga muvofiq o‘chiriladi yoki anonimlashtiriladi.

Bundan tashqari, Wolt mahalliy kuryerlar va hamkorlarni ham ishni to‘xtatish haqida xabardor qilgan.

Bugun AQSHning texnologik kompaniyasi DoorDash o‘zining Deliveroo va Wolt brendlari faoliyatini to‘rtta davlat — Qatar, Singapur, Yaponiya va O‘zbekistonda to‘xtatishini e’lon qildi. Kompaniya har bir mamlakatda operatsiyalarni bosqichma-bosqich yopishni mahalliy jamoalar va hamkorlar bilan yaqin hamkorlikda amalga oshirishni rejalashtirmoqda.

DoorDash ma’lum qilishicha, qarorlar “har bir bozordagi vaziyatni bir necha oy davomida tahlil qilish” natijasida qabul qilingan va kompaniyaning barqaror o‘sish hamda uzoq muddatli yetakchilik salohiyati yuqori bo‘lgan yo‘nalishlarga sarmoya kiritishga qaratilgan strategik yondashuvini aks ettiradi.

“Biz Qatar, Singapur, Yaponiya va O‘zbekistonda faoliyatni to‘xtatish bo‘yicha og‘ir qaror qabul qildik. Asosiy vazifamiz — o‘tish jarayonida jamoalarimiz va hamkorlarimizni qo‘llab-quvvatlashdir. Biz eng yaxshi mahsulotlarni taklif eta oladigan va uzoq muddatli muvaffaqiyat qurish imkoniyati mavjud bo‘lgan hududlarga e’tibor qaratmoqdamiz”, — dedi DoorDash International rahbari, Deliveroo bosh direktori va Wolt hamta’sischisi Miki Kuusi.

Wolt — 2014-yilda Finlyandiyada tashkil etilgan yetkazib berish xizmati. 2025-yil boshiga kelib kompaniya 32 dan ortiq mamlakatda faoliyat yuritgan. Ekspansiyaning ilk hududlari qatorida Shvetsiya, Gruziya va Ozarbayjon bo‘lgan.

2019-yilda Wolt Markaziy Osiyo bozorlariga chiqishni boshlab, avval Qozog‘istonda ishga tushgan. 2024-yil oktabr oyida esa kompaniya O‘zbekistonda faoliyatini yo‘lga qo‘ygan.

Avvalroq Spot Toshkentda noqonuniy umumiy ovqatlanish va savdo obyektlarini demontaj qilish davom etayotgani haqida yozgandi.