Buyuk Britaniyadagi ayrim foydalanuvchilar Apple ulardan yoshini tasdiqlashni so‘rayotganini ma’lum qilgan. Yangilanishlar iOS 26.4 beta-versiyasida paydo bo‘ldi, deb yozadi The Verge.
Qayd etilishicha, ular yoshini tasdiqlamasdan turib ilovalarni yuklab ola olmaydi va o‘yin ichidagi xaridlarni amalga oshira olmaydi.
Aksariyat hollarda yoshni tekshirish avtomatik tarzda amalga oshiriladi — Apple hisobning yoshi va unga biriktirilgan to‘lov usulini hisobga oladi.
Ammo ba’zi hollarda foydalanuvchilar bank kartasi yoki shaxsni tasdiqlovchi hujjatni skanerlashlari kerak bo‘ladi, deya ta’kidlaydi nashr.
2026-yil yanvarida Buyuk Britaniya hukumati 16 yoshga to‘lmagan o‘smirlar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash masalasini ko‘rib chiqayotgani haqida xabar berilgandi.
“Hukumat bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishi bo‘yicha maslahatlashuvlarni boshlaydi va yoshlarning farovonligini himoya qilish va internetda xavfsizroq bo‘lishini ta’minlash uchun maktablarda telefonlardan foydalanishni taqiqlaydi”, — deyiladi bayonotda.
Britaniya vazirlari Avstraliyaga borib, u yerdagi voyaga yetmaganlar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash tajribasi bilan tanishmoqchi. Shuningdek, Londonda maktablarda mobil telefonlardan foydalanish qoidalarini yanada qattiqroq qilishni xohlashmoqda.
Shuningdek, hukumat bolalar uchun ekran vaqtiga oid tavsiyalar tayyorlashni ham rejalashtirmoqda.
25-fevraldan Apple ayrim mamlakatlarning qonunchilik talablariga mos kelish uchun App Store’dagi yosh cheklovlarini nazorat qilish qoidalari va vositalarini yangiladi.
Xususan, Avstraliya, Braziliya, JAR hamda AQSHning Yuta va Luiziana shtatlarida Apple o‘z yoshini “tegishli usullar” bilan tasdiqlamagan foydalanuvchilar uchun “18+” reytingli ilovalarni yuklab olishni bloklay boshladi.
Avvalroq Bloomberg Apple birinchi sensor ekranli MacBook Pro’ni chiqarmoqchiligi haqida xabar bergandi.
Hozircha texnik xususiyatlari haqida batafsil ma’lumotlar kam. Yangi noutbuklar 2026-yil oxirida sotuvga chiqarilishi kutilmoqda.