Xitoyning Meizu kompaniyasi smartfonlar ishlab chiqarishni to‘xtatadi. Bu haqda Interface News nashri manbalarga tayanib xabar berdi.
Ularning ma’lumotiga ko‘ra, Meizu 2026-yil mart oyida smartfon ishlab chiqarish biznesini yopadi.
Avtomobil tizimlari bilan shug‘ullanuvchi Meizu Auto bo‘linmasi esa mustaqil ravishda faoliyatini davom ettiradi, brend esa uning egasi — Geely qo‘lida qolishi mumkin.
Manbalarga ko‘ra, Geely Meizu zararlarini juda yuqori deb baholagan va shu sababli smartfon ishlab chiqarishga sarmoya kiritishni to‘xtatishga qaror qilgan.
IT Home yozishicha, kompaniyadagi pasayish 2025-yil may oyida boshlangan. Meizu’dan bir nechta top-menejerlar ketgan, shuningdek yetkazib beruvchilar oldidagi qarzlar bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelgan.
Qayd etilishicha, kompaniya uchun eng ehtimoliy ssenariy — bankrotlik e’lon qilish, biroq hozircha bu amalga oshirilmagan.
Gizmochina nashri taxminiga ko‘ra, sabablar qatorida xotira (chip) bozoridagi inqiroz ham bor. 2026-yil yanvar oyida Meizu marketing direktori Van Chjitsyan (Wan Zhiqiang) butlovchi qismlar tanqisligi sababli Meizu 22 Air modeli bekor qilinganini ma’lum qilgan, biroq flagman Meizu 23 baribir taqdim etiladi.
2024-yilda kompaniyasi mobil uskunalarni ishlab chiqish va chiqarishni to‘xtatishini e’lon qilgani haqida GizmoChina nashri xabar bergandi.
Qayd etilishicha, yaratilayotgan Meizu 21 Pro, Meizu 22 va Meizu 23 smartfonlari chiqarilmaydi, ular ustida ishlash esa to‘xtatildi.
Xingji Meizu Group rahbari Shen Ziyu brendni o‘zgartirish to‘g‘risidagi qarorni smartfonlar bozoridagi o‘zgarishlar bilan izohladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, iste’molchilar qurilmalarni o‘rtacha 51 oyda bir martadan kamroq almashtirishgan.
Kelajakda Meizu asosiy e’tiborini sun’iy intellekt (AI) asosidagi mahsulotlarni ishlab chiqishga qaratishi haqida ma’lum qilingandi.
Meizu kompaniyasi 2003-yilda tashkil etilgan, ammo vaqt o‘tishi bilan u raqobatchilar — Xiaomi va Huawei soyasida qolgan.
2022-yilda Geely avtomobil ishlab chiqaruvchisi asoschisi Erik Li tomonidan yaratilgan Hubei Xingji Shidai Technology kompaniya ishlanmalaridan o‘z avtomobillarida foydalanish uchun Meizu’ning 79% ulushini sotib oldi.
Avvalroq Spot Xiaomi qahva hidiga ega smartfon ishlab chiqargani haqida yozgandi.
Ta’kidlanishicha, smartfonning orqa qopqog‘iga qahva quyqasi o‘rnatilgan va amerikanoning hidini taratadi.