Avvalroq Qoraqalpog‘istondagi metan “zapravka"lar faoliyati vaqtinchalik cheklangani haqida xabar berilgandi. Hududgaz Qoraqalpog‘iston gaz ta‘minoti filiali holat bo‘yicha qo‘shimcha maʼlumot berdi.

Taʼkidlanishicha, hozirda barcha avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalariga gaz yetkazib berish to‘liq tiklangan. Shoxobchalar belgilangan tartibda o‘z faoliyatini davom ettirmoqda.

Energetika vazirligining xabariga ko‘ra, magistral gaz quvurlarida bosim bir me‘yorda bo‘lib turibdi.

Shu bois barcha hududlardagi, jumladan, Qoraqalpog‘istondagi “zapravka"lar ham uzluksiz faoliyat yuritadi.

Havo haroratining keskin pasayishi sababli 20-yanvardan boshlab O‘zbekistondagi barcha AGTKSHlar faoliyati vaqtinchalik cheklangandi. Ikki haftalik tanaffusdan keyin — 2-fevraldan boshlab ular o‘z ishini belgilangan vaqtlarda davom ettirishni boshladi. 11-fevraldan esa barcha hududlar, jumladan vodiy viloyatlaridagi metan “zapravka"lar uchun kiritilgan cheklovlar to‘liq olib tashlandi.


Avvalroq Amerikaning Gulf kompaniyasi ikki yil ichida O‘zbekistonda 100 ta “zapravka” ochib, aviatsiyaga $150 mln investitsiya kiritishi haqida xabar berilgandi.