Avvalroq prezident raisligida Surxondaryo viloyatini kompleks rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.

Unda viloyatning turizm salohiyatini ishga solib, yiliga $1 mlrdlik tushum qilsa bo‘lishi taʼkidlandi.

Viloyatda Al-Hakim at-Termiziy, Sulton Saodat, Kokildor ota, Qirq qiz singari 150 dan ziyod madaniy meros obyekti joylashgan. Hisor, Boysuntog‘, Ko‘hitang, Bobotog‘da alpinizm, trekking, ekoturizm uchun juda katta imkoniyat bor.

Yigirma olti asrlik tarixga ega Eski Termiz yodgorligi to‘liq o‘rganilmagan. Buddizm madaniyatiga oid Fayoztepa, Qoratepa, Dalvarzin, Zurmala kabi yodgorliklarning turizm salohiyatidan foydalanib, Yaponiya, Koreya, Xitoy, Tailanddan yiliga 500 ming sayyoh jalb qilish mumkin.

Mutasaddilarga Yaponiya turagentlari bilan turizm marshruti ishlab chiqib, muzey, o‘zbek-yapon oshxonasi va Yapon bog‘i tashkil qilish bo‘yicha loyihalarni boshlash topshirildi.

Joriy yilda Denovdagi “Zamondosh” oromgohi negizida kurashchilar uchun o‘quv-mashg‘ulot bazasini qurib berish topshirildi.

Xorijiy til va axborot texnologiyalari kurslarini yana-da ko‘paytirish kerakligi qayd etildi. Bunday markazlarni ko‘paytirish uchun joyi, kreditiga ko‘maklashish, ularning manfaatini himoya qilish, zamonaviy standartlarni joriy etish zarurligi aytildi.

O‘quv markazlari uyushmasiga $100 mln mablag‘ jalb qilinadi. Mablag‘lar o‘quv markazi tashkil qilmoqchi bo‘lgan tadbirkorlarga arzon kredit, subsidiya, joy ijarasining kompensatsiyasi uchun yo‘naltiriladi.

24-fevral kuni prezidentning yoshlar bilan muloqotida O‘quv markazlari uyushmasini tashkil qilish taʼkidlangandi. Unga a‘zo bo‘lgan xususiy o‘quv markazlariga binosini ijaraga bergan tadbirkorlar ijaradan olinadigan daromad va foyda solig‘ini to‘lashdan ozod etiladi.

Bunday markazlarning o‘qituvchilarini Yoshlar ishlari agentligi hisobidan AQSh, Buyuk Britaniya, Singapur, Yaponiya kabi ilg‘or ta‘lim markazlariga stajirovkaga yuborish yo‘lga qo‘yiladi.


Avvalroq Termizdan Dubay va Istanbulga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.