Shavkat Mirziyoyev raisligida Surxondaryo viloyatini kompleks rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilmoqda. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Viloyat hokimi, tuman hokimlari oldida joriy yilda investitsiyalarni $3 mlrdga, eksportni $1 mlrdga yetkazish vazifasi turgani qayd etildi. Hududda kambag‘allikni 2,8%ga, ishsizlikni 4,5%ga tushirish, Termiz shahri, Angor, Denov, Jarqo‘rg‘on, Qiziriq va Muzrabotni “kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hudud"ga aylantirish muhim ekani ta‘kidlandi.

Viloyat iqtisodiyotida sanoatning ulushi so‘nggi 9 yilda 5 karra o‘sib, 10%ga yetdi. Lekin bu hali ham kamligi qayd etildi.

Surxondaryoda 100 mln tonna ko‘mir zaxirasi bo‘lgani bilan yiliga atigi 1%i qazib olinyapti. Joriy yilda Boysundagi “Sanjar”, Oltinsoydagi “Oqsuv”, kelasi yil “Fangart” konlarida ko‘mir qazib olishni boshlash topshirildi.

Janubiy Afrikaning Sosol kompaniyasi ko‘mirdan polipropilen, polietilen va kauchuk ishlab chiqarishga qiziqish bildirgan. Sariosiyodagi “Qorakon”, “Jemsonit”, “Chuqur”, “Bayram-1” konlariga ham xitoylik investorlar $1 mlrd kiritishga tayyor.

Mazkur zaxiralar — elektrotexnika, qurilish materiallari, kimyo, metallurgiya, avtomobilsozlik tarmoqlari uchun tayyor xomashyo bazasi. Bu konlar atrofida sanoat korxonalarini joylashtirish bo‘yicha hisob-kitob qilib, kamida $200 mlnlik loyihalarni shakllantirish topshirildi.

Boysundagi “Bezaktop” konida sifati Eron, Turkiya, Italiya bilan raqobatlasha oladigan tabiiy tosh zaxiralari o‘rganilmay turibdi. Bunday toshlar zaxirasi bo‘lgan konlarda geologiya ishlarini boshlashga ko‘rsatma berildi.

Termiz xalqaro savdo markazi katta natijalar berayotgani aytildi. O‘tgan yili markazga 800 mingdan ortiq Afg‘oniston fuqarolari tashrif buyurdi, eksport $320 mln bo‘ldi.

Tadbirkorlar va investorlar faoliyatini kengaytirib, Termiz xalqaro savdo markazida yirik ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish bo‘yicha taklif bilan chiqqan.

Shu bois, markaz hududi 1 ming gektarga yetkazilishi belgilandi. Mutasaddilarga buning hisobidan markazdagi eksport hajmini joriy yil $600 mln, kelasi yil $1 mlrdga yetkazish, qo‘shimcha 10 ming ish o‘rni yaratish topshirildi.

Yangi loyihalar hisobiga tadbirkorlar ham, savdo qilish uchun keladigan odamlar ham karrasiga oshadi. Shu munosabat bilan markazda qonun ustuvorligini ta‘minlash maqsadida maxsus prokuratura va ichki ishlar bo‘limining faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Endilikda markaz hududidagi tovar savdosi va xizmatlar eksport sifatida baholanadi, ularga nisbatan ham qo‘shilgan qiymat solig‘i “nol” stavkada qo‘llanadi.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Surxondaryoda jami $7,1 mlrdlik 44 ta loyihaga start bergandi.