Buxoro va Sirdaryo viloyatlarida fuqarolarga kredit va subsidiya ajratilishi uchun pul talab qilgan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda DXX xabar berdi.
Xalq banki Romitan standart bank xizmatlari markazining sho‘ba mudiri fuqaroga 800 mln so‘m kredit mablag‘i olib berish uchun $2 ming talab qiladi.
U mazkur ishni boshqa bankda ishlovchi tanishlari orqali qilmoqchi bo‘lgan.
O‘tkazilgan tezkor tadbirda sho‘ba mudiri so‘ralgan pul mablag‘i hisobidan $1000ni uchinchi shaxs orqali olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 25,168-moddasi 3-qismi “v” bandi va 28,192−9-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Sirdaryo viloyatida tadbirkorlarga mikroqarzlar berish bilan shug‘ullanuvchi korxonaning Guliston shahar filiali menejeri qo‘lga olindi.
U hokimiyat tizimidagi mansabdor tanishlari orqali Oqoltin tumanida yashovchi fuqaroga imtiyozli uy-joy subsidiya ajratishda yordam berishni va‘da qilgan. Evaziga 8 ming dollar talab qilib, 96 mln so‘m olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Toshkent viloyatida $110 ming talab qilgan bank mansabdori ushlangandi.