Yanvar oyida milliy valyutadagi bank omonatlari bo‘yicha o‘rtacha nominal foiz stavkasi 18,9% ni tashkil etdi. Bu haqda Markaziy bank hisobotida ma’lum qilindi.
Bu ko‘rsatkich 2025-yilning dekabr oyiga nisbatan 0,5% ga oshgan. Depozitlarning daromadliligi o‘tgan yilning avgust oyidan beri birinchi marta oylik o‘sishni ko‘rsatdi, yillik hisobda esa 0,6% ga kamaydi.
Bir yilgacha bo‘lgan muddatli omonatlar segmentida foiz stavkasi oy davomida 0,2 foiz punktiga oshib, 17,5% ni tashkil etdi. Uzoq muddatli depozitlar bo‘yicha banklar o‘rtacha 19,2% lik stavka taklif qildi — bu dekabr oyidagidan 0,5 foiz punktiga ko‘p, biroq so‘nggi 12 oyda stavka 1 foiz punktiga pasaygan.
Jismoniy shaxslar uchun omonatlar daromadliligi so‘nggi oyda deyarli o‘zgarmadi va 20,6% ni tashkil etdi. Shu bilan birga, o‘rtacha stavka 22% dan oshgan o‘tgan yilning yanvar oyiga nisbatan bu ko‘rsatkich 1,6 foiz punktiga kamaydi.
Yuridik shaxslar omonatlari bo‘yicha foiz stavkalari o‘rtacha 16,3% ni tashkil etdi (dekabr oyiga nisbatan -0,1%, yil davomida -0,4%). Qisqa muddatli depozitlar daromadliligi 15,%vfoizgacha (-0,3%) pasaygan bo‘lsa, uzoq muddatli segmentda stavkalarning biroz o‘sishi kuzatildi — 16,8% (+0,2%).
Aholi omonatlari bo‘yicha real stavka 8,4% ga, yuridik shaxslar uchun esa 5% ga yetdi. Ikkala ko‘rsatkich ham inflyatsion kutilmalarning pasayishi hisobiga bir oyda 0,2% ga oshdi.
Valyutadagi omonatlar yanvar oyida o‘rtacha 4,7% daromadlilikni saqlab qoldi, biroq yil davomida bu ko‘rsatkich 0,3% ga kamaydi. Qisqa muddatli omonatlar bo‘yicha stavkalar iyundan beri ilk bor 3% ga yetdi (+0,9%), uzoq muddatli omonatlar esa 5,2% darajasida qoldi.
Jismoniy shaxslar uchun xorijiy valyutadagi omonatlar bo‘yicha o‘rtacha daromadlilik 5,1% ni tashkil etmoqda — bu o‘tgan yilgi daraja bilan bir xil va dekabr oyiga nisbatan 0,5% ga yuqori. O‘sish uzoq muddatli depozitlar stavkalarining 5,3% gacha ko‘tarilishi hisobiga ta’minlandi.
Korporativ valyuta hisobvaraqlari bo‘yicha stavkalar o‘tgan yil mart oyidan beri eng past darajaga — 4,1% ga tushdi (oy davomida 0,8% ga kamaydi). Agar dekabrda uzoq muddatli biznes-omonatlarning o‘rtacha daromadliligi qariyb 7% ga yaqinlashgan bo‘lsa, hozir u yana yillik 5% ni tashkil etmoqda.
Avvalroq Spot 2026-yil yanvar oyida banklardagi dollardagi eng daromadli omonatlar sharhini taqdim etgandi.