Instagram o‘smirlar suitsid yoki o‘zini jarohatlashga oid atamalarni qisqa vaqt ichida takroran qidirsa, ota-onalarga xabar berishni boshlaydi. Bu haqda Reuters nashri xabar berdi.

Bu qaror, Avstraliya misoliga amal qilgan holda, 16 yoshdan kichik shaxslarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqlashga hukumatlarni majbur qilish bo‘yicha bosim kuchayib borayotgan fonida qabul qilindi.

Meta Platformsga tegishli Instagram payshanba kuni qo‘shimcha monitoring funksiyasiga obuna bo‘lgan ota-onalarni, agar ularning farzandlari o‘z joniga qasd qilish yoki o‘ziga zarar yetkazish bilan bog‘liq kontentga kirishga harakat qilsa, ogohlantira boshlashini e’lon qildi.

“Ushbu ogohlantirishlar Instagram’da o‘spirinlarni potentsial xavfli kontentdan himoya qilish bo‘yicha mavjud ishlarimizni to‘ldiradi”, — deyiladi platforma bayonotida. “Bizda o‘z joniga qasd qilish yoki o‘ziga zarar yetkazishni targ‘ib qiluvchi yoki maqtovchi kontentga nisbatan qat’iy qoidalar mavjud.”

Instagram kompaniyasining ma’lum qilishicha, hozirda uning siyosati shunday qidiruv so‘rovlarini bloklash hamda foydalanuvchilarni qo‘llab-quvvatlash resurslariga yo‘naltirishdan iborat.

Bundan tashqari, kelasi haftadan boshlab AQSH, Buyuk Britaniya, Avstraliya va Kanada foydalanuvchilariga ogohlantirishlar yuborila boshlaydi.

Instagram voyaga yetmaganlar uchun yangi cheklovlar joriy qilayotgani haqida xabar berilgandi. Unga ko‘ra, endilikda 18 yoshdan kichik foydalanuvchilar PG-13 reytingiga mos kontentni ko‘radi.

Bunda ular haddan tashqari zo‘ravonlik, jinsiy yalang‘ochlik va giyohvandlik sahnalari kabi mavzulardan qochib, faqat PG-13 reytingiga mos keladigan kontentni ko‘radi.

18 yoshdan kichik foydalanuvchilar ota-onasi yoki vasiylarining aniq ruxsatisiz bu sozlamani o‘zgartira olmaydi.

Instagram, shuningdek, “Cheklangan kontent” nomli yanada qat’iyroq kontent filtrini joriy etmoqda. Bu filtr o‘smirlarga mazkur sozlama yoqilgan postlarni ko‘rish va ularga izoh qoldirishga yo‘l qo‘ymaydi.

PG-13 — Amerika kino assotsiatsiyasi tomonidan filmlarni baholash uchun qo‘llaniladi. Bu reyting 13 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun nomunosib deb topilishi mumkin bo‘lgan mazmunli filmlar uchun beriladi. Bunday filmlarda yalang‘ochlik va zo‘ravonlik ko‘rsatilmaydi, ammo “jinsiy aloqaga oid so‘zlar” va “giyohvand moddalar bilan bog‘liq aniq bo‘lmagan epizodlar” mavjud bo‘lishi mumkin.

Aprel oyida Instagram o‘smirlar akkauntlarini aniqlovchi sun’iy intellektni qo‘shgandi. Agar tizim akkaunt voyaga yetmagan shaxsga tegishli deb gumon qilsa, uning maxfiylik sozlamalari avtomatik tarzda o‘smirlar rejimiga o‘tkaziladi.

2024-yil sentabr oyida Instagram 18 yoshgacha bo‘lgan foydalanuvchilar uchun “o‘smirlar” akkauntlarini qo‘shdi.

17-sentabrdan boshlab esa 18 yoshgacha bo‘lgan barcha yangi foydalanuvchilar akkauntning yangi turi — “o‘smirlik” akkauntiga ega bo‘ladilar.

Noyabr oyida Instagram o‘smirlarning yoshini aniqlashda sun’iy intellektdan foydalanishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.

Qayd etilishicha, Meta 18 yoshdan kichik foydalanuvchilarni aniqlay oladigan kattalar klassifikatori vositasidan foydalanadi.