Xotira tanqisligi smartfon ta’minotining o‘n yildan ortiq vaqt ichida eng sezilarli pasayishiga olib kelishi mumkin, deb yozadi TechCrunch nashri.

Sun’iy intellekt ishlashi uchun kompyuterlar va ma’lumot markazlariga bo‘lgan talabning oshishi operativ xotira yetishmovchiligiga olib kelmoqda, bu esa uning narxini keskin oshirmoqda.

IDC tahlil kompaniyasi yil davomida smartfon yetkazib berish hajmi 12,9% ga kamayishini prognoz qilmoqda, bu o‘n yildan ko‘proq vaqt ichidagi eng katta yillik pasayish bo‘ladi.

smartfonlar, ta'minot, xotira

Yil boshida IDC ma’lum qilganidek, 2025-yilda ishlab chiqaruvchilar 1,26 mlrd qurilma yetkazib bergan. Kompaniya prognoziga ko‘ra, 2026-yilda bu raqam 1,12 mlrdga tushadi.

“Xotira inqirozi faqat vaqtinchalik pasayishga sabab bo‘lmaydi; u butun bozorning tuzilmasini tubdan o‘zgartiradi, uzoq muddatli potentsial bozor, yetkazib beruvchilar tuzilmasi va mahsulot assortimentini asosan qayta shakllantiradi”, — IDC kompaniyasining Worldwide Quarterly Mobile Phone Tracker bo‘yicha katta tadqiqot direktori Nabila Popal.

Popalning so‘zlariga ko‘ra, xotira yetishmovchiligi sababli smartfonlarning o‘rtacha chakana narxi 14% ga oshishi kutilmoqda.

“Biz bozorni tark etayotgan kichik ishlab chiqaruvchilar tufayli konsolidatsiya bo‘lishini, shuningdek, yetkazib berish cheklovlari va yuqori narx segmentlarida talab pasayishi fonida byudjet mahsulotlar ishlab chiqaruvchilarining yetkazib berish hajmi keskin kamayishini kutyapmiz. Yetkazib berish hajmlari rekord darajada pasayishi kutilsa-da, smartfonlarning o‘rtacha sotish narxi 14% ga oshib, bu yil rekord darajada $523 ga yetadi”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Popal shuningdek, komponentlar narxining oshishi sababli $100 dan arzon smartfonlar “doimiy ravishda zararli” bo‘lib qolishi, bu narxdagi qurilmalarni ishlab chiqaruvchi kompaniyalarni bozorga chiqarib yuborishini ta’kidladi.

Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu tendensiya natijasida Yaqin Sharq va Afrikaga yetkazib berish hajmi yillik hisobda 20% dan oshiq kamayadi.

Xitoy va kengroq Osiyo-Tinch okeani mintaqasi (Yaponiya bundan mustasno) bo‘yicha esa mos ravishda 10,5% va 13,1% pasayish kutilmoqda.

IDC kompaniyasi qo‘shimcha qilishicha, ular operativ xotira narxlari 2027-yil o‘rtalariga qadar barqarorlashishini kutmoqda.

O‘tgan yili boshqa tahlil kompaniyasi Counterpoint ham smartfon yetkazib berish hajmining kamayishini prognoz qilgan, biroq u pasayishni atigi 2,6% deb taxmin qilgan edi.

Yil boshida Nothing kompaniyasi hamkor va bosh direktori Karl Pey ham 2026-yilda smartfonlar qimmatroq bo‘lishini ogohlantirgan, chunki smartfonlar uchun xotira narxi oshadi.


Avvalroq tahlilchilar butlovchi qismlar taqchilligi sababli barcha elektronika qimmatlashishi haqida aytgandi.

Bu nafaqat stol kompyuterlarga, balki telefonlar, noutbuklar va o‘yin pristavkalariga ham taalluqli bo‘lib, vaziyat tobora yomonlashmoqda.