Avvalroq prezidentning davlat ishtirokidagi korxonalar va banklar faoliyatining samaradorligini oshirish bo‘yicha qarori qabul qilingani haqida xabar berilgandi.
Hujjat (PQ-74) bilan, mahalliy va xalqaro fond bozorlarida birlamchi ommaviy taklif (IPO) 2026-yil oxirigacha o‘tkazilishi lozim.
IPO‘ga tayyorgarlik doirasida O‘zMIJ, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi (TTJ) o‘rtasida yangi aktivlar almashinuvi amalga oshiriladi. O‘zMIJning Navoiyazot (25%) va Xalq bankidagi (30%) aksiyalari paketlari Iqtisodiyot va moliya vazirligiga o‘tkaziladi.
O‘zMIJ, o‘z navbatida, O‘zbektelekom aksiyalarining qo‘shimcha 5%ini, O‘zbekinvest‘ning 10%ini va O‘zsanoatqurilishbank‘ning yana shuncha qismini oladi. Uning korxonalardagi ulushi mos ravishda 30, 40 va 40%gacha oshadi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi O‘zsanoatqurilishbank aksiyalarining 10%ini TTJdan oladi. Ikkinchisi buning evaziga O‘zsanoatqurilishbank‘dagi ulushiga mutanosib ravishda nominal qiymat bo‘yicha O‘zmilliybank ustav kapitalidagi vazirlik ulushini oladi.
Franklin Templeton Asset Management vakillari O‘zMIJning ishonchli boshqaruvchisi sifatida jamg‘arma aksiyalariga ega bo‘lgan kompaniyalarning kuzatuv kengashlariga kiritiladi. Mustaqil a‘zolar ulushini 50%ga yetkazish maqsad qilingan.
Istisno tariqasida O‘zMIJ O‘zbekinvest‘ni xususiylashtirishda ishtirok etishi mumkin bo‘ladi. Jamg‘armaning unga o‘tkazilgan O‘zbektelekom, O‘zbekinvest, O‘zsanoatqurilishbank, O‘zbekgidroenergo‘ning qo‘shimcha aksiyalaridan oladigan daromadlari yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘idan ozod etiladi.
O‘zMIJ aktivlarining joriy qayta tashkil etilishi so‘nggi yarim yil ichida ikkinchi bor amalga oshirilmoqda. 2025-yil sentabr oyida prezident Mikrokreditbank, Biznesni rivojlantirish banki, Uzbekistan Airports va Uzpost aksiyalari paketlarini Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tkazish, buning evaziga O‘zbekgidroenergo‘ning 20%ini, Temiryo‘linfratuzilma‘ning 15%ini va O‘zbekinvest‘ning 10%ini o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilgandi.
Avvalroq Spot O‘zbekiston davlat banklarini xususiylashtirishni 2026-yildan keyingi muddatlarga qoldirgani haqida yozgan edi.