Avvalroq prezident raisligida Surxondaryo viloyatini kompleks rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.

Unda viloyatdagi 49 ming gektar tomorqaning 35 ming gektarida 3−4 marta hosil olinayotgani, bunday ko‘rsatkich birorta viloyatda yo‘qligi taʼkidlandi.

Termiz tumanidagi Tomorqa maktabida tomorqaga ilm bilan yondashib, bir yilda 5 martagacha ekin ekish o‘rgatilyapti. Mazkur tajriba butun Surxondaryoda yo‘lga qo‘yilsa, mahsulot yetishtirish ham, eksport ham, eng asosiysi, dehqonlarning daromadi ham ko‘payishi ta‘kidlandi.

Xuddi Termiz tumanidagi kabi Angor, Uzun, Denovda Tomorqa maktablarini tashkil qilish, ularda yiliga 10 ming aholini o‘qitish topshirildi. Umuman, Termiz tumani tajribasi asosida har bir viloyatda 2 tadan Innovatsion tomorqa maktablari ishga tushiriladi.

Denov, Oltinsoy, Sariosiyo, Uzun tumanlaridagi 5 ming gektarda limonchilik plantatsiyasi tashkil qilinadi, Oltinsoydagi 6 ming gektarda eksportbop uzum yetishtirish bo‘yicha uch yillik dastur ishlab chiqiladi.

Uzun tumanida Yaponiya tajribasi asosida yaratilgan quritilgan xurmo va anjirning milliy brendini targ‘ib qilish muhimligi ta‘kidlandi.

Surxondaryo sharoitida issiqxonadan mahsulot olish boshqa joylardan 2−3 barobar arzon tushishi aytildi.

Bu yil Ispaniyaning Almeriya hududi tajribasi asosida 1 ming gektarda quyoshda isitiladigan issiqxonalar tashkil qilinadi. Bunday issiqxona quradigan tadbirkorlarga yerlar 5 yilga bepul ijaraga beriladi, ular yer osti suvi uchun to‘lovdan 3 yilga ozod qilinadi.

Boysunda 197 ming gektar yaylovlar bor. Agar Darband daryosidagi nasoslarni tiklab, suv chiqarilsa, 10 ming gektar yaylovni foydalanishga kiritish, shundan 1,5 ming gektarida kartoshka, qolgan qismida ozuqabop ekin ekish imkoni mavjud.

Endi zaxiradagi yaylov yerlarini o‘zlashtirish uchun boshlang‘ich narxi normativ qiymatning 1%i miqdorida belgilanib, auksionga chiqarilishi ta‘kidlandi.

Yerni auksiondan olgan tadbirkorlarga 10 yilga, 4 yillik imtiyozli davr bilan 14%li kredit ajratiladi. Har o‘n gektarga suv olib kelish uchun 120 mln so‘mgacha subsidiya beriladi.

Bu orqali uch yillik dastur doirasida 58 ming gektar yaylovni aylanmaga kiritish, bu yerda 300 ming bosh qo‘y-echki boqishni yo‘lga qo‘yish topshirildi.

Avvalroq Surxondaryoda sitrus va tropik mevalarni yetishtirish o‘zlashtirilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.