Eron va Isroil havo hududi yopilgani sababli O‘zbekiston bilan bog‘liq bir nechta aviqatnovlar ortga qaytarildi. Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabar berdi.
“Eron va Isroil havo hududlarining yopilishi (dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkent vaqti bilan soat 11:30 dan 17:00 gacha) munosabati bilan bir nechta aviareyslar jo‘nash aeroportlariga qaytishga majbur bo‘ldi”, deyiladi kompaniya xabarida.
Xususan:
- 7Q4461 (Fly One Asia): Andijon — Madina yo‘nalishida uchgan reys Andijon aeroportiga;
- 7Q342 (Fly One Asia): Madina — Toshkent yo‘nalishida uchgan reys Madina aeroportiga.
- HH901 (Qanot Sharq): Toshkent — Dubay yo‘nalishidagi reys Toshkent aeroportiga qaytarildi.
Shuningdek, Fly Khiva aviakompaniyasining Madina-Andijon (2U7706) yo‘nalishida uchgan samolyot Madina aeroportiga qaytdi.
Shu bilan birga, Air Samarkand avaiakompaniyasining Jidda-Toshkent (9S3302) yo‘nalishida uchgan samolyot Jidda aeroportiga qaytarildi.
Centrum Air ham Toshkent-Dubay yo‘nalishi bo‘yicha amalga oshirilayotgan reysni Pokistondagi zaxira aerodromga yuborganini ma’lum qildi.
Aviakompaniyaning Toshkent-Dubay yo‘nalishi bo‘yicha C6351 reysi parvoz xavfsizligini maksimal darajada ta’minlash maqsadida Karachidagi zaxira aerodromiga yo‘naltirilgan.
Qayd etilishicha, qaror ekipaj tomonidan aviatsiya xizmatlari bilan birgalikda, xalqaro xavfsizlik talablari va amaldagi tartib-qoidalarga muvofiq qabul qilindi.
Hozirgi vaqtda aviakompaniya reysni davom ettirishni tashkillashtirmoqda va yo‘lovchilarga barcha zarur yordamni ko‘rsatmoqda. Qo‘shimcha ma’lumot va parvozning davom etish vaqti haqida alohida xabar beriladi.
28-fevral kuni AQSH va Isroil shanba kuni Eronga aviazarbalar berishni boshladi, Tehron va boshqa shaharlarda kuchli portlashlar qayd etildi, deya xabar berdi The New York Times.
Donald Tramp AQSH Eronga qarshi keng ko‘lamli harbiy operatsiya boshlaganini tasdiqladi. Bu haqda u Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.
Shundan keyin Isroil ham, Eron ham o‘z havo hududlarini yopdi. Bu haqda Times of Israel va Mehr nashrlari xabar berdi.