ChatGPT chat-boti bir haftadagi faol foydalanuvchilari soni 900 mlndan oshganini ma’lum qildi, deyiladi OpenAI bayonotida.

Bir yil ichida ularning soni ikki baravardan ko‘proqqa o‘sgan — kompaniya 2025-yil fevralida bir haftadagi faol foydalanuvchilar soni 400 mlnga yetgani haqida xabar bergandi.

Chat-botning pullik obunachilari soni 50 mln kishidan oshdi. OpenAI’ning qayd etishicha, 2026-yilning yanvar va fevral oylari obunachilar sonining o‘sish sur’ati bo‘yicha kompaniya tarixidagi eng yaxshi oylar bo‘lgan, biroq yangi qo‘shilgan foydalanuvchilarning aniq soni ma’lum qilinmagan.

2025-yil oktabr oyidan beri ChatGPT’ning haftalik faol foydalanuvchilari soni taxminan 100 mlnga oshdi.

O‘shanda kompaniya bosh direktori Sem Altman haftasiga 800 mln faol foydalanuvchi marrasidan o‘tilgani haqida ma’lum qilgan edi.

2026-yil fevral oyida OpenAI investitsiyagacha $730 mlrdga baholanib, $110 mlrd jalb qildi.

SoftBank va Nvidia $30 mlrddan, Amazon esa $50 mlrd sarmoya kiritdi (shundan $15 mlrdi darhol, qolgani “ma'lum shartlar” bajarilgan taqdirda yaqin oylarda kiritiladi).

Avvalroq OpenAI kompaniyasi AQSHda ChatGPT’ning bepul Free va Go obunasini rasmiylashtirgan foydalanuvchilar uchun reklamani sinovdan o‘tkazish boshlanganini e’lon qildi.

Yangi Go tarif rejasi AQSHda oyiga $8 turadigan arzon obuna bo‘lib, u butun dunyo bo‘ylab yanvar oyi o‘rtalarida ishga tushirildi.

OpenAI kompaniyasi xabar berishicha, Plus, Pro, Business, Enterprise va Education darajalarini o‘z ichiga olgan pullik tarif rejalari obunachilari reklamalarni ko‘rmaydilar.