Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev 25-fevral kuni davlat sektori korxonalari faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlarini tasdiqlagani haqida yozgandi. Yil oxirigacha O‘zbekiston Milliy investitsiya fondining IPO‘si o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, ushbu qaror energetika va infratuzilma tarmoqlaridagi korxonalarga egalik qilish tuzilmasiga ham daxldordir.
“Issiqlik elektr stansiyalari” Davlat aktivlarini boshqarish agentligidan Taxiatosh IES ustav kapitalining 100%ini qabul qilib oladi. Hozirda ushbu stansiya “Smart Integrity Me” kompaniyasining ishonchli boshqaruvida turibdi.
1-aprelga qadar “O‘zbekiston temir yo‘llari"ga qarashli “Temiryo‘linfratuzilma” kompaniyasining 60% aksiyalari paketi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, vazirlik “O‘zbekinvest” va “O‘zsuvta'minot” kompaniyalaridagi ulushlarni ham qabul qilib oladi.
Davlat rahbari elektr energiyasini uzatish tizimi, elektr taqsimlash tizimi hamda temiryo‘l infratuzilmasi bo‘yicha operator kompaniyalar tashkil etilishini ma’qulladi. Ularda kamida 51% ulush davlatga tegishli bo‘ladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi hamda boshqa idoralar “Davlat mulkini xususiylashtirish to‘g‘risida”, “Elektr energetikasi to‘g‘risida” va “Temiryo‘l transporti to‘g‘risida"gi qonunlarga tegishli o‘zgartirishlarni ishlab chiqishi lozim. Ularni 1-aprelgacha Vazirlar Mahkamasiga kiritish rejalashtirilgan.
Ikki hududda Samarqand viloyatidagi davlat-xususiy sheriklik tajribasidan kelib chiqib, hududiy elektr tarmoqlarini boshqarishga xususiy hamkorlar jalb etish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, boshqa hududlardagi shunga o‘xshash loyihalar 2 yilga to‘xtatiladi.
Elektr tarmoqlarini xususiy sektorga topshirish
2024-yil avgustida Prezident 2030-yilgacha davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish choralarini tasdiqladi. Ustuvor DXSh loyihalari qatoriga Samarqand viloyatidagi elektr tarmoqlari va gaz quvurlarini modernizatsiya qilish va boshqaruvga topshirish kiritildi. Tanlov g‘oliblari bilan kelishuvlarni mos ravishda 2025 va 2026-yillar oxiriga qadar imzolash rejalashtirilgan edi.
O‘tgan yil noyabrida tarqatish tarmoqlarini DXSh asosida investorlarga topshirish ularni modernizatsiya qilish uchun $4 mlrd jalb qilish imkonini berishi ma’lum bo‘lgandi.
2025-yilda Samarqand, Jizzax va Sirdaryo viloyatlaridagi tarmoqlarga xususiy operatorlarni jalb qilish rejalashtirilgan edi.
2025-yil iyunida Shavkat Mirziyoyev Toshkent investitsiya forumida murojaat qilib, yil oxirigacha Samarqand elektr tarmoqlari xususiy boshqaruvga topshirilishini, 2026-yilda esa yana 8 viloyat tarmoqlari xususiy boshqaruvga o‘tishini ma’lum qildi.