Avvalroq Spot Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaning Yo‘l harakatini tashkil etish markaziga tashrifi haqida yozgandi.

Tashrif yakuniga ko‘ra yo‘l infratuzilmasini boshqarish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha ustuvor yo‘nalishlar va aniq vazifalar belgilab olindi.

Toshkent shahar hokimligi poytaxtdagi yo‘l harakati holatini yaxshilashga qaratilgan keng ko‘lamli tadbirlar majmuasini amalga oshirish uchun “Dolzarb 90 kunlik” e’lon qildi.

Qayd etilishicha, Yo‘l harakatini tashkil etish markazi mutaxassislari poytaxtning eng tirband bo‘lgan 472 km avtomobil yo‘llarini aniqlaydi.

Shuningdek, ishlar yo‘l harakatini tashkil etish bo‘yicha loyiha yechimlarini ishlab chiqish va joriy qilish kabi ustuvor yo‘nalishlarda boshlanadi.

Jamoat transportiga ustuvorlik berish va tegishli infratuzilmani yaratilib, ko‘cha-yo‘l tarmog‘i bo‘ylab reklama konstruksiyalari va boshqa tashuvchilarni o‘rnatishni tartibga solish hamda nazorat qilinadi.

Shu bilan birga, quyidagi ishlar amalga oshirish reja qilingan:

  • avtomobil yo‘llari bo‘yida joylashgan mavjud savdo shoxobchalarini optimallashtirish va ular bo‘yicha tartibli yechimlar ishlab chiqish;
  • svetofor obyektlari va yo‘l belgilarini o‘rnatish, modernizatsiya qilish va yangilash;
  • yo‘l harakatini tashkil etishning tasdiqlangan sxemalari asosida yo‘l chiziqlarini takomillashtirish;
  • bekat majmualarini yangilash va almashtirish;
  • ko‘cha-yo‘l tarmog‘ida chuqurcha va karta usulida ta’mirlash ishlarini olib borish;
  • avtoturargoh maydonini rivojlantirish va tartibga solish.

“Markaz va shahar hokimligi jamoasining ishonchi komilki, ushbu chora-tadbirlarning amalga oshirilishi poytaxt yo‘l-transport tizimidagi umumiy vaziyatga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, shahar aholisi va mehmonlari esa sezilarli o‘zgarishlarni his qiladi, deyiladi hokimlik xabarida

Ishlarning bajarilishi va erishilgan natijalar to‘g‘risida rasmiy aloqa kanallari orqali har kuni ma’lumot berib boriladi.

2025-yilning 3-dekabr kuni prezident Toshkentda transport boshqaruvini takomillashtirish va tirbandliklarning oldini olish choralariga doir taqdimot bilan tanishgandi. Yig‘ilishda Toshkentda sinov tarzida yagona yo‘l harakati markazi ochilishi taʼkidlandi. Davlat rahbari pilot loyihani joriy yilning o‘zidayoq ishga tushirishni topshirgan edi.

Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzakov poytaxtda yo‘l infratuzilmasini boshqarishning yagona tizimi mavjud emasligi tirbandliklarning asosiy sabablaridan biri bo‘lib qolayotganini ta’kidladi. Yo‘l harakatini tashkil etish markazi natijasida tirbandlik 40% gacha kamayishi taʼkidlandi.