Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyatini litsenziyalash tartibi belgilandi. Bu bo‘yicha tegishli nizomga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Unga ko‘ra, asoslantirilgan mulohaza — Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan qo‘llaniladigan professional baholash hisoblanadi. Unda ko‘rib chiqilayotgan masalaning haqiqiy mazmuni uning rasmiy mazmunidan ustuvor etib belgilanadi.

Asoslantirilgan mulohaza litsenziyalovchi organ tomonidan xizmat ko‘rsatuvchilar faoliyatini nazorat qilish jarayonida to‘plangan maʼlumotlarga tayanadi.

Shuningdek, bunda jismoniy va yuridik shaxslar, davlat idoralari, xalqaro tashkilotlar hamda chet el nazorat organlaridan olingan axborotlardan foydalaniladi.

Mulohazani shakllantirish uchun boshqa ochiq manbalardagi muhim maʼlumotlar ham asos bo‘lib xizmat qiladi.

Litsenziyalovchi organning asoslantirilgan mulohazasi litsenziyani berish to‘g‘risidagi arizani rad etish uchun asos bo‘ladi.

Oxirgi 3 yilda 661 mingdan ortiq o‘zbekistonlik kriptoplatformalarda ro‘yxatdan o‘tgan haqida xabar berilgandi. Mamlakatda 21 ta kripto-xizmat provayderi faoliyat yuritmoqda. 2022-yildan buyon kompaniyalar 107 mlrd so‘mdan ortiq boj va yig‘imlar to‘lagan.


Spot, avvalroq, TBC Uzbekistan kriptovalyuta va qimmatli qog‘ozlarga sarmoya kiritishni rejalashtirgani haqida yozgandi.