Avvalroq prezidentning Qoraqalpog‘istonni 2026-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va kelgusi yillar uchun mo‘ljallangan dasturlarni tasdiqlash bo‘yicha qarori qabul qilingani haqida xabar berilgandi.
Hujjat (PQ-70) bilan, ayrim hududlar aholisiga bog‘cha puli kamaytirib berilishi belgilandi.
Xususan, 2026-yil 1-apreldan Qaratau va Bestobe mahallalari aholisi uchun bog‘cha to‘lovlarida imtiyoz beriladi. Mazkur hududlardagi davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida ota-onalar to‘loviga 50%lik kamaytiruvchi koeffitsiyent qo‘llaniladi.
Shuningdek, maydoni 5 ming kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan savdo majmualari va mehmonxonalar uchun yer hamda mol-mulk solig‘i stavkalari 90%ga kamaytiriladi.
Ushbu soliq imtiyozlari 2027-yildan boshlab 2040-yilgacha amal qilishi belgilangan.
2028-yilgacha Qoraqalpog‘istondagi banklar balansidagi mulk obyektlari bozor narxida qayta baholanib, sotuvga chiqariladi. Ushbu obyektlarni sotib oluvchilarga qiymatini 10 yil davomida foizsiz, bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati beriladi.
Realizatsiya qilingan mol-mulk obyektlari bo‘yicha tuzilgan oldi-sotdi shartnomalariga muvofiq to‘lovlar 6 oy ichida to‘liq to‘langanda shartnoma qiymatining 25%iga teng miqdorda chegirmalar beriladi.
Avvalroq Qoraqalpog‘istonda 2026-yil ishsizlik 4,2% ga, kambag‘allik 3,2% gacha kamaytirilishi haqida xabar berilgandi.