Aholi mikromoliya tashkilotlari va lombardlardan asosan 10 mln so‘mgacha kredit olgan. Bu haqda Markaziy bankning 2025-yil yakuni bo‘yicha mikromoliya tashkilotlari va lombardlarning asosiy hamda moliyaviy barqarorlik ko‘rsatkichlari sharhida keltirilgan.
O‘tgan yilda bozorda 32 ta mikromoliya tashkiloti va ularning 234 ta filiallari tashkil etildi: shundan 157 tasi mikromoliya tashkiloti, 77 tasi lombardlar hisoblanadi. Umumiy tashkilotlar soni esa 223 taga yetdi.
Ular tomonidan jami 31,8 trln so‘m kreditlar ajratilib, bu 2024-yilning mos davriga nisbatan 2 barobarga oshdi. Kreditlarning 91%i (28,9 trln so‘m) mikromoliya tashkilotlari, qolgan qismi esa lombardlar hissasiga to‘g‘ri keladi. O‘sish mos ravishda 2 va 1,6 barobar bo‘ldi.
Shu bilan birga, kreditlarning 97%i (30,8 trln so‘m) jismoniy shaxslarga, qolgan 3%i (1,1 trln so‘m) esa yuridik shaxslarga berilgan.
Yanvar-dekabr oylarida mikromoliya tashkilotlari tomonidan ajratilgan kreditlar tarkibida onlayn kreditlar ulushi 2024-yilga nisbatan 21 foiz bandga ortib, 70% ga yetdi.
O‘sish Tezcoin (15,2 trln so‘m) Shaffof-Moliya (4,8 trln so‘m), Paylater (146 mlrd so‘m) va Yangi Finance (243 mlrd so‘m) mikromoliya tashkilotlari tomonidan onlayn kreditlar ajratilishi bilan izohlanadi.


Jismoniy shaxslarga ajratilgan kreditlarning 62%i 10 mln so‘mgacha (o‘sish — 16 foiz band) bo‘lgan kreditlar hissasiga to‘g‘ri keldi. Shuningdek, ularning 15%i — 10−20 mln so‘m (+1 f.b.), 14%i — 20−50 mln so‘m (kamayish — 11 f.b.) hamda 9%i 50−100 mln so‘m (-6 f.b.) miqdoridagi qarzlardan iborat bo‘ldi.
Yuridik shaxslarga ajratilgan kreditlarning asosiy tarkibini (22%) esa 200−300 mln so‘mgacha bo‘lgan kreditlar tashkil etdi. Natijada ularning ulushi 8 foiz bandga oshdi.
Shu bilan birga, 50 mln so‘mgacha bo‘lgan kreditlar ulushi 21% (-8 f.b.), 100−200 mln so‘m — 20% (-5 f.b.), 300 mln so‘mdan yuqori bo‘lgan kreditlar ulushi 19% (+17 f.b.) va 50−100 mln so‘mgacha bo‘lganlari 18% (-12 f.b.) bo‘ldi.
2025-yilning dekabr oyida mikromoliya tashkilotlari aholiga ajratgan mikroqarzlar foiz stavkalari 30−109,5%, YTT va yuridik shaxslarga berilgan mikrokreditlar 30−88% atrofida shakllandi, yillik o‘rtacha foiz stavkalari mos ravishda 57,6 va 48,7% ni tashkil etgan. Lombardlar jismoniy shaxslarga bergan mikroqarzlarning foiz stavkalari esa 60−109,5% oralig‘ida shakllandi, yillik foiz stavkasi — 97,1%.
Avvalroq Spot so‘mdagi tijorat kreditlarining o‘rtacha stavkalari 23% ga yaqinlashgani haqida yozgandi. So‘nggi yillarda imtiyozli qarzlar bo‘yicha real stavkalar eng yuqori ko‘rsatkichga — 0,5−0,6% ga yetdi.

