QatarEnergy kompaniyasi Ras-Laffan va Mesaid sanoat shaharlaridagi obyektlarga hujumlardan so‘ng suyultirilgan gaz ishlab chiqarishni to‘xtatdi. Bu haqda Khaleej Times nashri xabar berdi.
Kompaniya o‘z bayonotida barcha manfaatdor tomonlar bilan munosabatlarni qadrlashini ta’kidladi va eng dolzarb ma’lumotlarni yetkazishda davom etishini bildirdi.
Hozircha yetkazilgan zarar ko‘lami yoki ish faoliyati qachon tiklanishi haqida qo‘shimcha tafsilotlar berilmadi.
Hududda hujumlar ketma-ket uchinchi kun davom etdi. Natijada Iroq Kurdistonidagi neft qazib olishning katta qismi hamda Isroildagi bir nechta yirik gaz konlarida ishlar to‘xtatildi, bu esa Misrga eksportning keskin qisqarishiga olib keldi.
Dushanba kuni Mudofaa vazirligi Erondan uchirilgan ikki dron Qatarga hujum qilganini tasdiqladi. Ulardan biri Mesaiddagi elektr stansiyasidagi suv rezervuariga, ikkinchisi esa Ras-Laffan sanoat shahrida joylashgan, Qatar Energy kompaniyasiga tegishli energetika obyektiga zarba bergan. Rasmiylar insoniy talafot yo‘qligini ma’lum qildi.
Avvalroq, Qatarning Tashqi ishlar vazirligi vakili CNN telekanaliga bergan bayonotida mamlakat fuqarolik infratuzilmasiga, jumladan xalqaro aeroportga qaratilgan Eron hujumlarini qaytarganini va bunday hujumlar javobsiz qolmasligini bildirgan edi.
Shuningdek, Majed Al-Ansari Qatar hozirda Eron bilan muloqot olib bormayotganini aytdi.
Fors ko‘rfazidagi AQSH ittifoqchilari Eron raketalari va dronlari hujumiga uchradi. Quvaytdagi AQSH elchixonasi atrofida, ko‘plab xavfsizlik kuchlari, tez yordam va yong‘in o‘chirish mashinalari to‘plangan hudud ustida qora tutun ko‘tarilgani kuzatildi.
Avvalroq Saudiya Arabistonining Saudi Aramco davlat neft kompaniyasi Eronning dron hujumidan so‘ng Ras Tanura neftni qayta ishlash majmuasi faoliyatini to‘xtatgandi.
Saudiya Arabistoni Mudofaa vazirligi vakili Al-Arabiya telekanaliga bergan bayonotida, Ras Tanura NQIZ yaqinida ikkita dron urib tushirilganini ma’lum qilgan.