Samsung 2030-yilga borib o‘zining barcha global ishlab chiqarish maydonlarini sun’iy intellekt boshqaruvidagi zavodlarga aylantirish rejasini rasman e’lon qildi. Bu haqda Kod Durova xabar berdi.
Qayd etilishicha, gap elektronika zavodlarida anchadan buyon qo‘llanib kelinayotgan oddiy avtomatlashtirish haqida emas. Balki mustaqil qarorlar qabul qilishga qodir bo‘lgan to‘liq avtonom tizimlarga o‘tish to‘g‘risida ketmoqda. Strategiyaning poydevorini “agentli sun’iy intellekt” (Agentic AI) tashkil etdi.
Oddiy algoritmlardan farqli o‘laroq, bunday intellekt insonning doimiy nazoratisiz qo‘yilgan maqsadlarga erishish uchun vazifalarni mustaqil ravishda rejalashtiradi va bajaradi.
Samsung bu atamani birinchi marta Galaxy S26 seriyali smartfonlar uchun iste’mol segmentida qo‘llagan va endi samaradorlikni tubdan oshirish va xarajatlarni kamaytirish uchun texnologiyani sanoatga o‘tkazmoqda.
Kompaniya rejalarni amalga oshirish uchun bo‘lajak mexanik xodimlarni uch toifaga ajratdi: operatsion robotlar, logistika robotlari va yig‘uvchi robotlar.
Egiluvchanlik va chaqqon harakatlarni talab qiladigan vazifalarda insonlar o‘rnini bosadigan odamsimon robotlarga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bunda Samsung guruhiga kiruvchi Rainbow Robotics kompaniyasi asosiy hamkor sifatida ishtirok etmoqda. Dastlab inson uchun mo‘ljallangan joylarda murakkab manipulyatsiyalarni bajara oladigan ikki qo‘lli va g‘ildirakli android — RB-Y1 konveyerlardagi ilk tizimlardan biri bo‘ladi.
Avvalroq Spot Airbus samolyotsozlikda odamsimon robotlarni joriy etishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.
176 santimetr balandlikdagi Walker S2 robotlari tizimlar yordamida inson kabi harakatlanadi va 15 kilogrammgacha yuk ko‘tara oladi.
Shuningdek, Hyundai avtomobil zavodlari uchun yangi odamsimon robotni taqdim etgani haqida xabar berilgandi.
Atlas nomli robot inson o‘lchamidagi to‘liq aylanuvchi bo‘g‘inlari orqali 50 kilogrammgacha yukni ko‘tara oladi.