Saudiya Arabistonining davlat neft kompaniyasi Saudi Aramco Eronning dron hujumidan so‘ng Ras Tanura neftni qayta ishlash majmuasi faoliyatini to‘xtatdi, deya xabar bermoqda Reuters.
Fors ko‘rfazi sohilida joylashgan Ras Tanura shahridagi mazkur majmua Yaqin Sharqdagi eng yirik neftni qayta ishlash zavodlaridan biri bo‘lib, Saudiya neftini eksport qilishda muhim terminal hisoblanadi. Uning quvvati kuniga 550 ming barrelni tashkil etadi.
Bloomberg agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, korxonada yong‘in chiqqan, biroq u qurshab olingan. Hozirda yetkazilgan zarar ko‘lami baholanmoqda.
Saudiya Arabistoni Mudofaa vazirligi vakili Al-Arabiya telekanaliga bergan bayonotida, Ras Tanura NQIZ yaqinida ikkita dron urib tushirilganini ma’lum qilgan.
Shu voqea fonida Londonning ICE Futures birjasida Brent markali neftning may fyucherslari 9,8% ga ko‘tarilib, bir barrel uchun $80 ga yetdi.
Nyu-York tovar birjasi (NYMEX) elektron savdolarida WTI neftining aprel fyucherslari 9,2% ga oshib, bir barrel uchun $73,2 ni tashkil etdi.
AQSH va Isroil Eronga qarshi keng ko‘lamli harbiy operatsiyaning keskinlashuvi natijasida neft narxlari 2-mart, dushanba kuni savdolarni keskin o‘sish bilan boshladi.
Toshkent vaqti bilan soat 02:00 dagi savdo ma’lumotlariga ko‘ra, Londonning ICE Futures birjasida Brent neftning may oyi fyucherslari narxi 13,04% ga ko‘tarilib, bir barrel uchun $82,37 ga yetdi.
Keyinchalik o‘sish 8,93% gacha sekinlashdi va neft bir barrel uchun $79,38 dan sotildi.
The Guardian nashrining yozishicha, jahon savdosi uchun eng muhim arteriyalardan biri bo‘lgan Ho‘rmuz bo‘g‘ozining yopilishi neft ta’minoti bilan bog‘liq xavotirlarni yanada kuchaytirgan.
Dunyo neftining qariyb 20%i va asosan Qatardan eksport qilinadigan katta hajmdagi suyultirilgan tabiiy gaz aynan shu yo‘l orqali o‘tadi. 1-mart kuni Eron tankerlar “keyingi ogohlantirishgacha” harakatlanishi uchun bo‘g‘ozni ochdi.
Barclays tahlilchisi Ajay Rajadhyaksha neft bozoridagi uzilishlar Brent neftining bir barrel uchun $100 dan oshib ketishiga olib kelishi mumkinligini qayd etdi. Agar narx $120 da mustahkamlansa, bu jahon iqtisodiyotiga sezilarli zarar yetkazadi.
Boshqa tahlilchilar esa Ho‘rmuz bo‘g‘ozi bir necha hafta davomida to‘sib qo‘yilsa, Brent neftining narxi $150−200 gacha ko‘tarilishi mumkinligini bildirdi. Biroq, bu amalga oshish ehtimoli past bo‘lgan ssenariydir.