Raqobat qo‘mitasi Toshkent viloyatida ichimlik suvi va oqova xizmatlari tariflari qo‘llanilishi yuzasidan o‘rganish o‘tkazdi. Bu haqda idora matbuot xizmati xabar berdi.
Tekshiruvlarda Musaffo Obi Hayot Magistral Suv Taʼminoti korxonasi o‘z xizmatlari uchun belgilangan tariflarni o‘zboshimchalik bilan oshirgani maʼlum bo‘ldi. Natijada isteʼmolchilardan jami 2,2 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ asossiz ravishda undirilgan.
Mazkur holat yuzasidan Maxsus komissiya tomonidan korxonaga nisbatan “Raqobat to‘g‘risida"gi qonun talablarini buzish alomatlari bilan ish qo‘zg‘atildi.
Yakuniy xulosaga ko‘ra, korxonaga nisbatan moliyaviy jarima qo‘llash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Qo‘mita korxona zimmasiga aniqlangan qonunbuzarliklarni bartaraf etish va kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik majburiyatini yukladi.
Shuningdek, isteʼmolchilardan asossiz undirilgan 2,2 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ni qayta hisob-kitob qilish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Raqobat qo‘mitasi gaz tarifini oshirgani uchun Yerostigaz‘ni jarimaga tortgandi. Angrendagi IES murojaati asosida o‘tkazilgan tekshiruvda Yerostigaz tomonidan 2,8 mlrd so‘m asossiz hisoblangani aniqlangan edi.
Avvalroq qo‘mita ekish mavsumi oldi yoqilg‘i narxlarini monitoring qilayotgani haqida xabar berilgandi.