O‘zbekiston hukumati bu yil tabiiy gaz iste‘molining qishki ijtimoiy normasi — oyiga 500 kub metrning amal qilish muddatini uzaytirmadi. Bu Energetika vazirligi xabaridan anglashiladi.

Vazirlik ijtimoiy tarmoqlarda 1-martdan gaz iste‘molchilari uchun oshirilgan tarif joriy etilgani haqidagi xabarlarga izoh berdi. Gaz narxlari amaldagi darajada qoldi, biroq oylik norma o‘zgardi, deya ta‘kidlanadi xabarda.

Isitish mavsumida 1000 so‘mlik bazaviy tarif bo‘yicha to‘lanadigan gaz iste‘molining oylik hajmi 500 kub metrgacha oshiriladi.

“1-martdan 31-oktabrga qadar har oy uchun 100 kub metrgacha „bazaviy meʼyor“ amal qiladi”, — deyiladi xabarda.

Shuningdek, vazirlik matbuot xizmati ehtiyojmand oilalarning gaz va elektr energiyasi xarajatlarining bir qismi qoplanishini eslatib o‘tdi. Subsidiyalar quyidagicha to‘lanadi:

  • elektr energiyasi uchun — 200 kVt·soatlik ijtimoiy normadan ortiqcha 150 kVt·soat uchun (ya‘ni 201 dan 350 kVt·soatgacha);
  • gaz uchun — qish oylarida normadan ortiqcha 250 kub metr (ya‘ni 750 kub metrgacha) va boshqa vaqtlarda 150 kub metr uchun (250 kub metrgacha).

Keyinroq Energetika vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida tabiiy gaz uchun bazaviy me’yor 15-martga qadar uzaytirilganini ma’lum qildi.

Bunga O‘zgidrometning ushbu hududlarda mart oyining dastlabki 15 kunida havo haroratining past bo‘lishi kutilayotgani haqidagi ma’lumoti sabab bo‘lgan.

O‘tgan yilning fevral oyi oxirida Vazirlar Mahkamasi mart oyida kutilayotgan sovuq tufayli 500 kub metrlik oshirilgan ijtimoiy normaning amal qilish muddatini 1-aprelgacha uzaytirgan edi. Energetika vazirligi hukumat bilan kelishgan holda ob-havo sharoitidan kelib chiqib, oshirilgan ijtimoiy normaning amal qilish muddatini o‘zgartirish huquqini olgan.

Hukumat, shuningdek, o‘tgan yili elektr energiyasi va gaz tariflarining oshirilishini 1-mayga qadar kechiktirgan edi. Bosh vazir matbuot kotibi Bekzod Hidoyatovning so‘zlariga ko‘ra, prezident Shavkat Mirziyoyev “aholi va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida” shunday topshiriq bergan.

Shu bilan birga, qaror Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Energetika vazirligi hamda Raqobat qo‘mitasining takliflari asosida energetika tariflarini har yili indeksatsiya qilishni nazarda tutadi. Narxlar 1-maydan boshlab yillik inflyatsiya darajasidan kelib chiqqan holda, biroq 10%dan oshmagan miqdorda ko‘tariladi.

Avvalroq Toshkentdagi IESlar isitish mavsumida barqaror ishlashi uchun suyultirilgan gaz zaxirasi omborlari qurilishi haqida xabar berilgandi.