O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Yaqin Sharqdagi vaziyat tufayli ayrim xorijiy safarlarni vaqtincha kechiktirib turishni maʼlum qildi.

Taʼkidlanishicha, ayrim davlatlar tomonidan havo hududidan foydalanish bo‘yicha joriy etilgan vaqtinchalik cheklovlar sababli xalqaro aviaqatnovlar harakatida jiddiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda.

Natijada O‘zbekiston fuqarolari ham parvozlarning bekor qilinishi yoki kechiktirilishi, tranzit yo‘nalishlarining yopilishi hamda boshqa tashkiliy muammolar tufayli qiyinchiliklarga duch kelmoqda.

“Shu munosabat bilan, fuqarolar xavfsizligini ta‘minlash va ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida Yaqin Sharq yo‘nalishida rejalashtirilgan ziyorat, tijorat, dam olish hamda boshqa turdagi xorijiy tashriflarni vaziyat barqarorlashguniga qadar vaqtincha kechiktirib turish tavsiya etiladi”, — deyiladi xabarda.

Ayni paytda chet elda bo‘lib turgan fuqarolardan vaziyatga nisbatan bosiqlik va hushyorlikni saqlash, odamlar gavjum joylarga bormaslik hamda mahalliy qonun-qoidalarga qat‘iy rioya qilish so‘raldi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining xorijiy diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari bilan doimiy aloqada bo‘lib turish tavsiya etildi.

Qo‘shimcha qilinishicha, barcha fuqarolar safarlarni rejalashtirishda ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishlari va rasmiy manbalar orqali e‘lon qilinayotgan axborotlarga amal qilishlari lozim.

1-mart kuni Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bugun Qatar, Kuvayt, Iordaniya, O‘mon, Bahrayn va BAA tashqi ishlar mahkamalari rahbarlari bilan muloqot qilgan edi. Vazir ushbu mamlakatlar rahbariyati va xalqiga O‘zbekiston prezidentining qo‘llab-quvvatlovi va birdamligini yetkazdi.

Bunga qadar TIV matbuot xizmati xorijdagi vatandoshlarga qator tavsiyalarni eʼlon qilgandi. Jumladan, doimiy ravishda mahalliy idoralar va O‘zbekiston diplomatik vakolatxonalarining rasmiy xabarlarini kuzatib borish tavsiya etilgandi.

Shu bilan birga, mahalliy qonunlarga rioya qilish, shaxsiy hujjatlarni tartibda saqlash va aloqa vositalarining doimiy ishlab turishini taʼminlash zarurligi taʼkidlangan edi.

Yaqin Sharqdagi mojaro

28-fevral kuni AQSH va Isroil Eronga aviazarbalar berishni boshladi, Tehron va boshqa shaharlarda kuchli portlashlar qayd etildi, deya xabar berdi The New York Times.

Donald Tramp AQSH Eronga qarshi keng ko‘lamli harbiy operatsiya boshlaganini tasdiqladi. Shundan keyin Isroil ham, Eron ham o‘z havo hududlarini yopdi.

Keyinroq O‘zbekiston Yaqin Sharqdagi vaziyat sababli Umra safarini vaqtincha kechiktirdi. Xususan, 2-martga rejalashtirilgan Toshkent-Jidda reysi ham ma’lum muddatga qoldiriladi.


Avvalroq AQSH va Isroilning Eronga qarshi zarbalari fonida oltin narxi oshayotgani haqida xabar berilgandi.