CAFA va Sun’iy intellekt va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish markazi fintex ekotizimini rivojlantirishda hamkorlik qiladi. Bu haqda markaz matbuot xizmati Spot’ga xabar berdi.
Toshkent Central Asian Fintech Association (CAFA) va Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Sun’iy intellekt va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish markazi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Hujjatni imzolashda Sun’iy intellekt markazi direktori Vladimir Kravchenko hamda CAFA raisi Otabek Nasirov ishtirok etdi.
Hamkorlik doirasida tomonlar fintex ekotizimi va raqamli infratuzilmani rivojlantirish, raqamli moliya sohasida pilot loyihalarni joriy etish, shuningdek, sun’iy intellekt, katta ma’lumotlar, mashinaviy o‘qitish hamda kiberxavfsizlik yo‘nalishlarida qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazishni rejalashtirmoqda
Bundan tashqari, kelishuv ESG tamoyillariga mos moliyaviy mexanizmlarni rivojlantirish, mutaxassislar, regulyatorlar va startaplar uchun ta’lim dasturlarini tashkil etish, raqamli iqtisodiyot bo‘yicha qo‘shma tahliliy hisobot va tavsiyalar tayyorlashni ham nazarda tutadi.
“Ushbu hamkorlik regulyator innovatsiyalarini rivojlantirish, startaplarni qo‘llab-quvvatlash, xalqaro investitsiyalarni jalb qilish va mintaqaviy fintex ekotizimini global raqamli makonga integratsiya qilish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi”, — dedi Otabek Nasirov.
Uning qayd etishicha, qo‘shma tashabbuslar moliyaviy texnologiyalar rivojini tezlashtirish, raqamli iqtisodiyotni mustahkamlash hamda O‘zbekiston va butun Markaziy Osiyo mintaqasining raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.
Avvalroq Qoraqalpog‘istonda IT universiteti ochilib, SI uchun $5 mlrd xorijiy investitsiyalar jalb qilinishi haqida xabar berilgandi.