Top-300 talikka kirgan universitetlarda o‘qish istagidagi yoshlar va pedagoglarga taʼlim krediti beriladi. Bu bo‘yicha tegishli nizom hukumat qarori bilan tasdiqlandi.

Hujjat Taʼlim kreditini moliyalashtirish jamg‘armasi hisobidan imtiyozli taʼlim kreditini ajratish va ularni qaytarish tartibini belgilaydi.

Taʼlim krediti Quacquarelli Symonds yoki The Times Higher Education bo‘yicha Top-300 talikka kiritilgan xorijiy OTMlarga o‘qishga qabul qilingan, O‘zbekiston fuqarosi hisoblangan yoshlar va pedagoglarga ajratiladi.

Kredit ularning bakalavriat hamda magistratura dasturlarida taʼlim olishlari uchun ajratiladi. Kredit 1 o‘quv yili uchun $20 minggacha miqdorda, milliy valyutada ajratiladi.

Uning asosiy qarzi talabaning rasmiy o‘qish muddati tugagandan so‘ng 7-oydan boshlab 7 yil davomida qaytariladi.

Kredit oluvchi bankka murojaat qilishda quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

  • ariza;
  • shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar nusxasi;
  • taklifnoma-xat (1-kurslar uchun);
  • akademik o‘zlashtirish natijalari (2-kursdan boshlab);
  • to‘lov-kontrakt asosida o‘qish bo‘yicha shartnoma hamda oliy taʼlim tashkilotining bank rekvizitlari ko‘rsatilgan invoys;
  • birgalikda qarz oluvchilarning so‘nggi 12 oylik daromadlari yuzasidan maʼlumot;
  • mehnat daftarchasidan ko‘chirma (30 yoshdan oshgan pedagoglar uchun).

Taʼlim krediti stavkasi Markaziy bankning asosiy stavkasi (14%) miqdorida belgilanadi.


Spot, avvalroq, kelajak tadbirkori dasturi ishga tushirilib, yoshlarga 15%li kredit ajratilishi haqida yozgandi.