Havo harorati pasayishi sababli “metan zapravkalar” faoliyatiga vaqtincha cheklov kiritiladi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, mamalakat hududlariga sovuq va nam havo massalari kirib kelishi natijasida tabiiy gazga bo‘lgan talab oshdi. Shu bois magistral gaz quvurlarida bosimning pasayishi kuzatilmoqda.
Bunday hollarda birinchi navbatda aholi xonadonlari, shuningdek, ijtimoiy soha obyektlarini tabiiy gaz bilan uzluksiz ta’minlash ustuvor vazifa hisoblanadi.
“Shu munosabat bilan, bugun, 4-mart kuni soat 19:00 dan 5-mart kuni soat 10:00 gacha „metan zapravkalar“ faoliyatiga vaqtincha cheklov joriy etiladi”, deyiladi xabarda.
Mazkur choralar aholi va ijtimoiy soha obyektlarini barqaror gaz ta’minoti bilan ta’minlashga qaratilgan.
Shu bilan birga, ijtimoiy soha obyektlariga xizmat ko‘rsatuvchi va jamoat transport vositalari uchun gaz ta’minoti cheklovlarsiz, barqaror tarzda ta’minlanadi.
Avvalroq Amerikaning Gulf kompaniyasi ikki yil ichida O‘zbekistonda 100 ta “zapravka” ochib, aviatsiyaga $150 mln investitsiya kiritishi haqida xabar berilgandi.