Endi homiladorlik va tug‘ish nafaqasi miqdorini Yagona portal orqali bilish mumkin. Bu haqda portal Telegram-kanalida xabar berildi.
Yagona portal Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi bilan birgalikda yangi xizmatni ishga tushirdi.
Xizmatdan foydalanish uchun my.gov.uz portaliga kirib, “Homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha davlat ijtimoiy sug‘urtasi nafaqasi ma‘lumotlari” xizmatidan foydalanish lozim.
Bunda ma‘lumotlar avtomatik shakllanadi, ortiqcha hujjat talab etilmaydi. Xizmat orqali ish staji to‘g‘ri hisoblangani hamda fuqaroga qancha mablag‘ tayinlangani va to‘lov amalga oshirilganlik holatini ko‘rish mumkin.
2026-yilning 1-yanvaridan O‘zbekistonda homiladorlik va tug‘ish nafaqasi proaktiv shaklda tayinlana boshladi. Ijtimoiy sug‘urta doirasida nafaqalar minimal sug‘urta staji va sug‘urta badali asosida tayinlanadi.
1-iyuldan vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik, 2030-yildan esa ishdan bo‘shatish nafaqasi ham avtomatik tarzda belgilanadi.
Spot “dekret” puli va ishsizlik nafaqalari kimga, qancha va qachon berilishi haqida qo‘llanma taqdim etgandi.
Avvalroq fuqarolar o‘z nomiga ochilgan bank kartasi va SIM-kartalar sonini onlayn tekshirishi mumkin bo‘lishi haqida xabar berilgandi.