Raqobat qo‘mitasi Namanganda 497 mln so‘mga yaqin asossiz daromad olgani aniqlangan 26 ta dorixonaga nisbatn ish qo‘zg‘atdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

Taʼkidlanishicha, Fair Tech yagona axborot tizimi orqali o‘tkazilgan tahlillar ayrim dorixona va ulgurji sotuvchilar tomonidan belgilangan savdo ustamalariga rioya etilmayotganini ko‘rsatgan.

Shundan so‘ng qo‘mitaning hududiy boshqarmasi tomonidan viloyatda faoliyat yuritayotgan 26 ta dori vositalarini ulgurji sotuvchi subyektlarda o‘rganish o‘tkazildi.

Tekshiruvda dorilarni sotishda belgilangan ulgurji referent narxlardan yuqori narxlar qo‘llanilgani aniqlangan. Natijada ushbu subyektlar tomonidan jami 497 mln so‘mga yaqin asossiz daromad olingani qayd etilgan.

Holat yuzasidan dorilarni ulgurji sotuvchi xo‘jalik yurituvchi subyektlarga nisbatan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilib, qonunbuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha bajarilishi majburiy ko‘rsatmalar berildi.

Avvalroq Toshkent viloyatida ichimlik suvi va oqova xizmatlarini ko‘rsatuvchi korxona jarimaga tortilgandi.