Sun’iy intellekt tirik organizmlarning to‘liq genomlarini yoza oladigan bo‘ldi. Bu haqda hi-tech mail nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, hozircha faqat qog‘ozda, biroq bu sintetik tirik organizmlar yaratish yo‘lidagi muhim qadamdir.
Kaliforniyadagi Ark instituti mutaxassislari Mycoplasma genitalium bakteriyasi genomi, odam mitoxondriyalari va achitqi xromosomasidan ilhomlanib, genom ketma-ketliklarini yaratish uchun turli tirik organizmlarning trillionlab DNK “harflari” asosida o‘rgatilgan Evo2 til modelidan foydalandilar.
Bu laboratoriyada genom yaratishga bo‘lgan birinchi urinish emas. 2008-yildayoq olimlar o‘sha M. genitalium’ning 580 ming harfli genomini kimyoviy sintez qilgan, keyinchalik esa sintetik genomlarni hujayralarga “yuklab”, ilk sintetik hayot yaratilganini e’lon qilishgan edi.
Biroq bu loyihalarda, mohiyatan, mavjud genomlar shunchaki nusxalangan yoki tahrirlangan — Manchester universiteti genom muhandisi Patrik Sayning obrazli ta’biri bilan aytganda, bu jarayonni kitobning bir bobini qayta yozishga yoki undagi barcha vergullarni o‘chirib tashlashga qiyoslash mumkin.
Evo2 kabi modellar esa olimlar oldida butunlay yangi imkoniyatni ochmoqda: tabiatda hech qachon mavjud bo‘lmagan ketma-ketliklarni yaratish.
“Bu sintetik genomika uchun “ChatGPT lahzasi"dir. Shu tariqa tabiatda bo‘lmagan narsalarni yozishni boshlash mumkin”, — deydi Say.
Biroq genomni yozishdan to ishlaydigan organizmgacha bo‘lgan masofa juda uzoq. Kompyuter tahlili shuni ko‘rsatdiki, M. genitalium asosida yaratilgan genomdagi genlarning taxminan 70%i haqiqiyga o‘xshaydi, lekin bu juda kam.
“Hayotni atigi 70% ga loyihalashtirib bo‘lmaydi. Kompyuterda har narsani yozish mumkin, ammo bu ishlamaydi”, — deya ta’kidlaydi Vagenigen universitetining sintetik biologi Niko Klaassens.
Agar hech bo‘lmaganda bitta asosiy gen yetishmasa yoki noto‘g‘ri modellashtirilgan bo‘lsa, hujayra shunchaki faoliyat ko‘rsata olmaydi.
Bundan tashqari, nafaqat genlar to‘plami, balki ularning o‘zaro joylashuvi ham muhim — bu borada sun’iy intellekt genomlari, so‘nggi tadqiqotlar ko‘rsatganidek, tabiiylaridan boshqacha tuzilgan.
Tekshiruv ham jiddiy to‘siq bo‘lib qolmoqda. Loyihalashtirilgan genom ishlayotganini bilish uchun uni jismonan sintez qilish, to‘g‘ri tartibda yig‘ish va hujayraga joylashtirish kerak.
Mumkin bo‘lgan yechimlardan biri — sun’iy intellekt va robotlar genom bo‘laklarini iterativ ravishda loyihalashtiradigan, sinovdan o‘tkazadigan va takomillashtiradigan avtonom laboratoriyalar.
Avvalroq OpenAI rahbari sun’iy intellektni nazorat qilish bo‘yicha xalqaro organ tuzishni taklif qilgani haqida xabar berilgandi.
Sem Altmanning fikricha, bunday mexanizm texnologiyalarning jadal rivojlanishi bilan bog‘liq xavf-xatarlarga o‘z vaqtida javob berish imkonini beradi.